Ozarbayjon yetakchisi yordamchisi, Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmat Hojiyev ma’lum qilishicha, Rossiya tinchlikparvar kuchlarini Qorabog‘ hududidan muddatidan oldin olib chiqib ketish to‘g‘risidagi qaror ikki davlat oliy rahbariyati tomonidan qabul qilingan.

Chorshanba kuni ertalab RF rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya tinchlikparvar kuchlari Qorabog‘dan olib chiqila boshlanganini tasdiqlagandi.

– Ikki davlat oliy rahbariyati 2020-yil 10-noyabrdagi uch tomonlama bayonot asosida bu yerda vaqtincha joylashtirilgan Rossiya cheklangan tinchlikparvar kuchlarini Ozarbayjon hududidan muddatidan oldin olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi, – dedi mulozim AzerTAJga bergan intervyusida. – Mudofaa vazirliklari mazkur kelishuvni amalga oshirish uchun tegishli chora ko‘rmoqda.

Bundan 35-yil avval Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan bir tomonlama ajralib chiqishini e’lon qilgan edi. Sobiq sovet ittifoqi parchalanishi asnosida avj olgan qurolli mojaro (1992-1994-yillar)dan keyin mintaqa armanlar yashaydigan tan olinmagan respublika sifatida mavjud bo‘lib turdi. 2020-yil sentyabrda Qorabog‘da yana urush boshlandi. Oradan 44 kun o‘tib – 10-noyabrga o‘tar kechasi Moskva vositachiligida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Mintaqada Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgach, ikkinchi urushdan deyarli uch yil o‘tib, 2023-yil 19-sentyabrda Bok-u bir kunlik harbiy amaliyot amalga oshirdi. Shundan keyin Prezident Ilhom Aliyev mamlakat hududiy yaxlitligi tiklanganini e’lon qildi va mintaqa rasmiylari 2024-yil 1-yanvardan boshlab tan olinmagan respublika “o‘zini-o‘zi tarqatib yuborishi”ni e’lon qildi. 24-sentyabrdan oy oxirigacha 100 mingdan ortiq mahalliy arman Qorabog‘ni tark etdi.

2022-yil Yerevan va Bok-u Rossiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi vositachiligida bo‘lajak tinchlik shartnomasini muhokama qila boshlagan. O‘tgan yil may oyi oxirida Bosh vazir Nikol Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning avvalgi chegara asosida, ya’ni Qorabog‘ bilan birgalikdagi suverenitetini tan olishga tayyorligini bildirdi. Afsuski, tomonlar hamon tinchlik shartnomasini imzolash masalasini uzil-kesil hal qilgani yo‘q, muzokara davom etmoqda.

S.Rahimov, O‘zA