Dunyodagi rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro baholash jarayonlarida munosib qatnashish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda ham 2030-yilga qadar xalq ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan va mazkur hujjatning birinchi bandida PISA xalqaro tadqiqotida O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlash, 2030-yilga borib kuchli Top-30 talikka kirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

Bugungi kunda ta’lim tizimi oldida turgan muhim vazifalar sirasiga – xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish, pedagog va o‘quvchilarda PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari doirasida ishlash ko‘nikmasini shakllantirish, ularning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalari, tanqidiy, ijodiy va mantiqiy fikrlashini rivojlantirish, o‘qituvchilarga amaliy va uslubiy yordam berish kabilar kiradi.

Dastlab PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro baholash dasturlarining mazmun-mohiyati xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak.

PISA – (Programme for International Student Assessment) ta’lim oluvchilarning ta’lim yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dasturi va ta’lim sifati monitoringi bo‘lib, 15 yoshli o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar va o‘qish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, zamonaviy jamiyatda to‘laqonli faoliyat yuritishlari, keng ko‘lamli muammolarni hal etishlari uchun zarur kompetentlik darajasini o‘rganadi. Ushbu dastur Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organization for Economic Cooperation and Development) tomonidan amalga oshiriladi.

PIRLS – (Progress in International Reading Literacy Study) bu turli mamlakatlardagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilari tomonidan o‘qish sifati va o‘qilgan matnni tushunish darajasini baholashning xalqaro tizimi va u asosida olib boriladigan xalqaro tadqiqot.

TIMSS – (Trends in Mathematics and Science Study) matematika va Science ta’limi sifatini baholashga oid xalqaro tadqiqot bo‘lib, IEA (International Association for the Evaluation of Educational Achievement) tomonidan tashkil etilgan. TIMSS tadqiqotlarida 4-sinf va 8-sinf maktab o‘quvchilari matematika va tabiiy fanlardan o‘z bilimlarini sinab ko‘radi.

Dasturda ishtirok etayotgan davlatlar soni tobora ortib bormoqda. Agar 2015-yilda TIMSS tadqiqotida 57 davlat ishtirok etgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 60 dan ortiq davlatni tashkil etdi. Turli yillarda Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gonkong, Belgiya ta’lim tizimi eng yuqori ballga ega bo‘lgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ta’limning sifati professor-o‘qituvchining kasbiy tayyorgarlik darajasidan yuqori bo‘la olmaydi. Ta’lim beruvchi eski kategoriyalar bilan fikr yuritar ekan, hech qanday texnologiya dars samaradorligini oshira olmaydi.

Ta’lim sifatini ta’minlashda interfaol axborot-ta’lim muhitini yaratish, inson shaxsiga hurmat, ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ta’limni demokratlashtirish katta ahamiyatga ega.

Ta’limning yangicha mazmuni ta’limni boshqarishni tubdan o‘zgartirishni taqozo etadi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, resurslarni (vaqt, moliya, kadrlar, texnologik, KPI, forsayt) boshqara oladigan, kuchli intuitsiyaga ega, shijoatli, notiq, innovatsion tafakkurga ega, xarizmatik liderlarni shakllantirish masalasi o‘ta muhim.

Xalqaro dasturlarda munosib ishtirok etish uchun zamonaviy ta’lim dasturlari va darsliklar kontenti XXI asrning shaxsni o‘zgarishlarga tayyorlash,ijtimoiy intellekt, barqaror rivojlanish, ekologik madaniyat kabi yana bir nechta bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmog‘i lozim.

Mohira Xoliqova,

Toshkent shahar pedagoglarni yangi

metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktori.