Suv havzalarida noqonuniy usullar, ayniqsa, elektr toki yordamida baliq ovlash oqibatida suvdagi jonzotlarning qirilib ketishi holatlari sodir bo‘lmoqda. Shu bois elektr toki bilan baliq ovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Mutaxassislarning fikricha, suvga elektr toki yuborilganda 10-15 metrgacha radiusdagi minglab baliqchalar qirilib ketadi», deb yozadi deputat. «Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida «Yashil makon» loyihasi doirasida dolzarb vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida birgina 2024-yilning o‘tgan 3 oyi mobaynida 39 ta ana shunday holatlar aniqlangani taassuf bilan qayd etildi.

Elektr yordamida baliq ovlash oqibatida nainki baliqlar, balki suvdagi barcha katta-kichik jonzotlar qirilib ketayotgani o‘ta tashvishlanarli holdir. Eng yomoni, bunday holatlar hatto baliqlarning uvuldiriq qo‘yish mavsumida, ya’ni baliq ovlashga taqiq qo‘yilgan paytda ham kuzatilayotgani dard ustiga chipqon bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joizki, baliq ovlashning bunday qabih usuli qonunchiligimizda taqiqlangan. Chunonchi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida suv havzalarida maxsus ruxsatnomalarsiz baliq ovlash taqiqlangan va baliq ovlashni amalga oshirish chog‘ida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi qoidalarda taqiqlangan qurollarni hamda ovlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 90-moddasida esa ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Ko‘rib turganimizdek, qonunchiligimizda jazo choralarining yengilligi brakonerlarga juda qo‘l kelmoqda. Ular «nari borsa, jarima to‘lab qutulaman» qabilida ish qilmoqdalar.

Biz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, baliq ovlashning bunday noqonuniy usuliga butunlay chek qo‘yish payti keldi, deb hisoblaymiz. Hozirda ishchi guruh tuzgan holda elektr toki yordamida baliq ovlaganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga alohida modda kiritish masalasi o‘rganib chiqilmoqda. Tez orada bunday manfur usulda baliq ovlash jinoyat sifatida malaka qilinsa, ajab emas», deya fikr bildirgan xalq vakili.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.