Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, virusli gepatitdan vafot etayotgan odamlar soni yildan yilga ortmoqda. U sil kabi eng keng tarqalgan yuqumli kasallik hisoblanadi. 2022-yilda 1,3 million kishi ushbu xastalikdan vafot etgan.

BMT yangiliklar markazi tarqatgan maqolada keltirilishida, diagnostika va davolash vositalari takomillashib, dori-darmonlarning arzonlashib borayotganiga qaramay, test o‘tkazish yo‘li bilan davolash qamrovi kengaymayapti.

***

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatda keng ko‘lamli toshqinlar bo‘layotgani bois mablag‘larni tejash maqsadida shu yil 13-14-iyunda rejalashtirilgan Xalqaro Ostona anjumanini bekor qildi, deb xabar tarqatdi Prezident matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Prezident tadbirda ishtirok etishga taklif qilinganlar ushbu qarorni to‘g‘ri qabul qilishiga umid bildirgan.

***

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy, Vetnam va Italiya dunyo bo‘yicha eng ko‘p poyabzal eksport qilgan mamlakatlar ro‘yxatidan joy oldi. Mazkur mamlakatlarning eksport ko‘lami jahon poyabzal bozorining yarmini tashkil etgan. Ushbu ma’lumotlar BMT “Comtrade” platformasida hamda milliy statistikalarda keltirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili jahon bo‘yicha poyabzal eksporti ko‘lami 154 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoy 53 milliard, Vetnam 20 milliard va Italiya qariyb 15 milliard dollarga poyabzal sotgan.

***

Xalqaro valyuta jamg‘armasining(XVJ) amaldagi rahbari  Kristalina Georgiyeva ikkinchi muddatga saylandi, deyiladi tashkilot tarqatgan xabarida.

Avvalroq XVJ Georgiyevani ushbu lavozimga yagona nomzod ekanini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, mart oyida u ikkinchi besh yillik muddatga tayyor ekanini aytgan.

Georgiyeva XVJni 2019-yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning vakolat muddati 2024-yil sentyabrda tugaydi.

***  

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hukmron “Gruziya orzusi” partiyasini olib borayotgan siyosiy harakatlari uchun tanqid qilib, “ruslar orzusi” siyosiy kuchlari, dedi.

-Ularda Rossiya bosimi ortib borayotgani tufayli kuchli o‘zgarish kuzatilmoqda, – dedi Zurabishvili “Pirveli” TV efirida chiqish qilib. –“Gruziya orzusi” bu – “ruslar orzusi”.

Zurabishvili yana bir bor siyosiy kuchlarning parlamentga inoagentlar haqidagi qonunni  taqdim etayotganini tanqid qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, u hukmron partiyani uzoq vaqt “rossiyaparast” deb atashdan o‘zini tiyib kelgan.

***  

Sankt-Peterburgda chorshanba kuni yangi harorat rekordi o‘rnatildi. Havoning eng yuqori harorati 1890-yilda qayd etilgan avvalgi rekord ko‘rsatkichdan 4,8 daraja yuqori bo‘ldi, deyiladi «Sinxua» axborot agentligi tarqatgan xabarda .

Rossiyaning «Fobos» ob-havo markazi yetakchi mutaxassisi Mixail Leusning ta’kidlashicha, 10-aprel kuni Sankt-Peterburgda havo harorati +21,5 darajani tashkil etgan.

*** 

Yevroittifoq Misrga 1 milliard yevro miqdorida makroiqtisodiy yordamni tasdiqladi.

Joriy yil 15-mart kuni Yevroittifoq Misrning so‘roviga javoban kredit tarzda 5 milliard yevrolik makromoliyaviy yordam taklif qilgan edi.

Ta’kidlanishicha, yordam Misrda so‘nggi oylarda ayniqsa G‘azo sektoridagi urush va husiylarning Qizil dengizda kemalarga hujumi hamda Ukrainadagi nizo oqibatlari tufayli kuzatilayotgan moliyaviy  ehtiyoj bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani bois ajratilmoqda.

***

Eron Isroilga hujum qiladi, bu bir necha kunlik masala bor, deb yozmoqda “Bloomberg” axborot agentligi. Agentlikning AQSH va Isroil razvedkasi tahlillariga tayanib yozishicha, Eron Isroilning harbiy va hukumat obyektlariga yuqori aniqlikdagi raketalar va dronlar orqali hujum qilishi mumkin.

O‘tgan chorshanba kuni Eronning oliy rahbariyati Isroil Suriyadagi Eron konsulligi binosiga hujum qilgani uchun «jazolanishi kerak va jazolanadi», deb bayonot bergan edi.

2-aprel tunda Isroil Eronning Damashqdagi konsulxonasi binosiga raketa hujumini uyushtirgan edi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining bir necha zobiti, xususan, ikki generali halok bo‘lgandi.

***

Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask Marsni egallash uchun kamida bir million kishi va bir necha tonna yuk talab qilinadi, dedi. Odamlar va yuklarni Qizil sayyoraga yetkazish 20-yildan keyin amalga oshishi mumkin.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, Marsni egallash loyihasi “Starship 3” raketasi orqali amalga oshiriladi, chunki mazkur raketa hozirda eng zamonaviy vosita hisoblanadi.

S.Rahimov, O‘zA