O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tashabbusi bilan Chimboy tumanidagi “Kenes” hamda Kegeyli tumanidagi “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida “O’zLiDeP bog‘i” tashkil qilinib, hudud iqlimiga mos, issiq va sovuq ob-havo sharoitiga chidamli bo‘lgan 5 ming 500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratmoq dunyodagi eng xayrli va ezgu amallardan sanaladi. Azal-azaldan ota bobolarimiz o‘z xonadonlari tomorqasiga ilk bahor yoki kuz faslida ko‘chat ekib, unga yil bo‘yi e’tibor qaratib, parvarishlab, to o‘zini tiklab olmagunicha katta ahamiyat qaratib kelgan. Hattoki, ajdodlarimiz yer bilan, daraxtlar bilan tillashib, unga o‘z farzandidek e’tibor qaratib, go‘zal bog‘-rog‘larni yaratishgan. Ushbu qadriyat yillar osha uzviy davom etib, bugun yurtimizda umummilliy harakatga aylandi. Ushbu ko‘chatlar hademay katta bo‘lib, o‘z soyasi va mevasidan odamlarni bahramand qiladi.

Ko‘chat ekish ishlarida partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi xodimlari, tuman hokimliklari mutasaddilari, deputatlar, nuroniylar, partiya hamda ovul fuqarolar yig‘inlari faollari, yoshlar ishtirok etdi.

– Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash milliy qadriyatimizdan hisoblanadi,– deydi Kegeyli tumani “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi nuroniy  Sherniyaz Panayev. – Mana bu ishlarimizni farzandlarimizga, nabiralarimizga, kelajak avlodlarimizga o‘rgatyapmiz. Hali bu bog‘lardan xalqimiz, avlodlarimiz bahramand bo‘lib, bizni duo qilishadi.

– “Yaxshidan bog‘ qoladi” deganidek, xayrli tashabbusga biz ham  o‘z hissamizni qo‘shayapmiz, –deydi Xalq deputatlari Nukus shahar kengashi deputati Aqlima Saypova.–Mana uch yildirki, mazkur loyiha doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Loyiha doirasidagi tadbirlar tobora takomillashib, ko‘chat yetishtirish va yetkazish, iqlim sharoitiga mos nihollarni ekish va parvarishlash, sug‘orish masalalariga har qachongidan jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Asosiysi, bu kabi ulug‘vor va ezgu ishlarga xalqimiz, yoshi ulug‘ nuroniylardan tortib,  yosh avlod vakillarigacha birdek hissa qo‘shyapti.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri