Mardlik, bag‘rikenglik, oliyjanoblik, halollik timsoli bo‘lgan azaliy qadriyatimiz kurashning xalqaro maydondagi rivojida yangi davr boshlanmoqda.
Har qanday muvaffaqiyat e’tibor va rag‘bat bilan qo‘lga kiritiladi. Ming yillar davomida xalqimiz qalb ardog‘ida sayqallanib kelgan kurashning xalqaro sport maqomiga erishish yo‘li ham fidoyilik, moddiy va ma’naviy rag‘bat hosili bo‘ldi, deyish mumkin. Bugun jahon sport terminologiyasida »Kurash», «To‘xta», «Yonbosh», «Gilam», «Halol» kabi qadriyatimizga aylanib ketgan so‘zlarning mustahkam o‘rin olishida, Vatanimizning dunyo xalqlari orasida o‘z o‘rni borligini ko‘rsatib kelayotganligida kurashning alohida o‘rni bor, albatta. Zero, milliy sportimiz bo‘yicha turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan qit’aviy chempionatlar, turnirlar, xalqaro hamkorlik aloqalarining ma’lum bir yo‘nalishlari o‘rnatilishida, mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan uch yil muqaddam davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Xalqaro kurash institutining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bu esa kurashning Osiyo o‘yinlari tizimidagi mavqeyi mustahkamlanishiga, Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga a’zo 130 ga yaqin davlatlardagi milliy kurash federatsiyalari faoliyati jonlanishiga xizmat qilmoqda. Dunyoning besh qit’asi bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun World Series Pro (WSP) turnirlarning tashkil etilishi asnosida ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan milliy o‘yinning sport turi sifatida umumjahon durdonasiga aylantirish ishlari jadallik bilan olib borilishi ta’minlanmoqda.
Xo‘sh, 2024-yil o‘zbek kurashi rivojida, uni xalqaro maydonda ommalashtirish tizimida qanday o‘rin tutadi?
– Bu yil ham o‘tgan yillardagidek xalqaro musobaqalarga, turli kurash tadbirlariga tig‘iz yil bo‘lishi kutilmoqda. IKAning 2024 yilgi taqvim rejasiga asosan yil davomida turli davlatlarda 48 ta sport musobaqalari va kurash tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan chempionatlar va turnirlar 15 ta, murabbiylik va hakamlik seminarlari 16 ta, kompleks o‘yinlar 3 ta shuningdek, antidoping bo‘yicha WADA va ITA 8 ta seminarida kurashning xalqaro rivoji muhokama qilinishi belgilangan. Joriy yilning ilk oylarida Yevropada Italiya kurash akademiyasi o‘z faoliyatini boshlagani, Tailand, Kosta-Rika, Tojikiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya, Rossiya, Turkmaniston, Tailand kabi davlatlarda ichki chempionatlar o‘tkazilgani kurash boshqa mamlakatlarda ham o‘z o‘rnini topib borayotganini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birinchi choragi holatida AIMS, SportAccord, WADA tizimidagi yig‘in va tadbirlarda kurashni ommalashtirish, uning ommalashgan sport turlari orasidagi o‘rni borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilingani kelgusidagi ishlar ko‘lami nechog‘li zalvorli ekanidan dalolat. Ushbu tarixiy yutuqlarga erishishda davlatimizning, shaxsan Prezidentimizning milliy sportimizga berayotgan alohida e’tibori kurashning jahondagi taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot kotibi Jamshid Namozov.
Shu o‘rinda yana bir yangilik xususida to‘xtalib o‘tish lozim. Ma’lumki, kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati joriy yilning 11-15-iyun kunlari Buxoroda o‘tkazilishi lozim edi. Biroq mazkur sanalarda Buxoroda futzal bo‘yicha FIFA tizimidagi jahon chempionati bahslari o‘tkazilishi sababli kurash bo‘yicha qit’a chempionati Eronning Tehron shahrida o‘tadigan bo‘ldi. Mazkur Osiyo birinchiligi Eronning dunyoga mashhur «Ozodiy» stadionida tashkil etilishi rejalashtirilganki, «kichik jahon chempionati» maqomidagi kurash musobaqasining ilk bor O‘zbekistondan tashqarida muhtasham futbol stadionida bo‘lishi yakkakurash sport turlari tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz.
Xuddi shuningdek, Pan-Amerika qit’aviy chempionatining ham o‘tkazilishi sanasida o‘zgarish yuz berdi. Oktyabr oyiga belgilangan okean orti qit’a chempionati 2-8-iyul kunlariga ko‘chirilgan.Kuni kecha Eron poytaxtida kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi tasdiqlangan XII Osiyo chempionati ramzi keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Kurashning an’anaviy ko‘k va yashil ranglardan foydalanilgan ramzida ikki kurashchining usul bajarish holati aks ettirilgan bo‘lib, unda qadimiy sharq madaniyatini, tarixini o‘zida mujassam etgan Tehrondagi Burji Milod teleminorasi, Elbrus tog‘ tizmasidagi eng ulkan Damavand cho‘qqisining tasvirlari o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, shu yilning 12-13-aprel kunlari Dubay shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi, 21-23-iyun kunlari Istanbulda Yevropa chempionati tashkil etilishi, Rossiyada o‘tadigan “Osiyo bolalari”, Qozog‘istonda tashkil etiladigan «Ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlari»da O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan sport liboslarida turli mamlakatlarning sportchilari o‘zbekona iboralar ostida bellashishi milliy sportimizning xalqaro maydondagi rivojiga katta turtki bo‘lishi tayin.
Shuningdek, 21-30-noyabr kunlari Tailandning Bangkok va Chonburi shaharlarida yopiq inshootlar va jang san’atlari bo‘yicha VI Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur katta sport bayrami dasturidan kurash sporti ham rasman o‘rin olgan.
So‘ng so‘z o‘rnida aytish joiz, asrlar davomida talato‘p davralarda, to‘y-u sayllarda qonun-qoidasiz o‘tkazib kelingan kurashning O‘zbekistonning mustaqilligi tufayli sport turi sifatida nom qozonayotgani jonajon Vatanimizning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tibori yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgani bilan qadrlidir.
2024-yilda dunyo bo‘ylab tashkil etilishi kutilayotgan kurash musobaqalari, turnirlar, seminarlar va turli tadbirlar kelgusida milliy sportimizning qaddi yanada sarbaland bo‘lishiga xizmat qilishi lozimki, bu yo‘ldagi ishlar, sa’y-harakatlar ayni maqsadlarga qaratilgandir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA