O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi mutaxassislari tomonidan sport unvonlarini olish bo‘yicha me’yorlarni o‘zida jamlagan Telegram bot ishlab chiqildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-noyabrdagi «Sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorining imzolanishi mamlakatimizda sport unvonlarini olish borasida shaffof tizim ishga tushirilishiga zamin yaratdi.

Mazkur sport unvonini olish bo‘yicha me’yorlarni o‘zida jamlagan Telegram botning ishlab chiqilgani o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.

– Dunyoda yangi texnologiyalarning joriy etilishi, kommunikatsiyalar tizimidagi keng qamrovlilik sportdagi natijalarning ochiqligini, sport unvonlarini adolatli olishga zarur shart-sharoitlar yaratish lozimligini taqozo etmoqda, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Navro‘z Shoymardonov.

Mamlakatimizda professional sport bilan tizimli tarzda shug‘ullanib, ma’lum bir natijalarga erishib kelayotganlarga https://t.me/yast_sport_botorqali «O‘zbekiston sport ustasi» hamda «Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi» unvonini olish bo‘yicha me’yorlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

 

T.Ro‘ziyev, O‘zA