Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi gimnastika zalida trampolin sport turining akrobatika yo‘lakchasida sakrash yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 80 nafar sportchi ishtirokidagi bahslar qizg‘in kurashlar ostida o‘tdi.
To‘rt kun davom etgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, 13-14 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida Namangan viloyati vakili Sherdor Shodiyev eng yuqori natijani ko‘rsatdi. 15-16 yoshdagilar orasida farg‘onalik Muhammadsolih Nabiyevga teng keladigan raqib topilmadi.
17 yoshdan yuqori bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Farg‘ona viloyatining yana bir vakili Muhammadziyo Abubakirov g‘alaba qozondi. 13-14 yoshdagi o‘smirlar ishtirokidagi jamoaviy akrobatik sakrashda Namangan viloyati jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Farg‘ona va Xorazm viloyatlari jamoalari ikkinchi, uchinchi o‘rinlarga munosib ko‘rildi.
15-16 yoshdagi jamoaviy akrobatik sakrashda ham mezbonlar birinchilikni berishmadi. Quva sport maktabi jamoasi ikkinchi, Farg‘ona viloyati vakillari uchinchi o‘rinlarni egalladi. 13-14 yoshdagi qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchisi Farida Amanbayeva zafar nashidasini surdi.
15-16 yoshli qizlar bahsida Farg‘ona viloyati jamoasi a’zosi Kumushbibi Safarova eng yaxshi natijani qayd etdi. 17 yoshdan katta ayol-qizlar ishtirokidagi raqobatda yana bir farg‘onalik sportchi Gulsanam Yo‘ldosheva barcha raqiblaridan ustun keldi. 13-14 yoshdagi qizlar ishtirokidagi jamoaviy akrobatik sakrash bellashuvlarida Farg‘ona viloyati jamoasi g‘oliblik shohsupasining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi trampolinchilari ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Xorazm viloyati vakillari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
15-16 yoshdagi qizlar o‘rtasidagi jamoaviy akrobatik sakrashda farg‘onalik sportchilarga mahorat bobida hech kim bas kelolmadi. Xorazm viloyati hamda Farg‘onaning Quva sport maktabi jamoalari ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Mamlakat chempionatining g‘olib va sovrindorlari musobaqa tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri