Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Misrning “Yettinchi kun” (youm7.com) nashrida “Samarqand – Hamdo‘stlik madaniy poytaxti” dasturining tantanali ochilish marosimi yoritildi.
Maqolada ta’kidlanidek, Samarqanddagi mavjud 483 moddiy-madaniy meros obyekti, osori atiqalar va yodgorliklar yil-o‘n ikki oy butun dunyodan sayyohlarni jalb qilib turadi.
– Ushbu yig‘ilishda 130 dan ziyod davlat ishtirok etadi, kun tartibidan xalqaro investitsiya va ta’lim forumlari, “Eng yaxshi turistik qishloq”ni taqdirlash marosimi, ko‘plab yalpi majlis va madaniy tadbirlar o‘rin olgan, – deydi nashrning tashqi aloqalar bo‘limi boshlig‘i o‘ribosari Rabob Fathiy xonim. – Qadimiy Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim shahar, XIV-XV asrlarda Temuriylar saltanati poytaxti bo‘lgan Samarqand Osiyodagi asosiy madaniy va turizm markazlaridan biridir. Bu kent boy tarixi, me’moriy mo‘jizalari va madaniy merosi bilan mashhur.
Yil davomida Samarqand MDH madaniyat va san’at namoyandalari ijodiy uchrashuvlari uchun yirik maydonga aylanadi. Tadbirlar dasturidan musiqachi va san’atkorlar, yozuvchi va rassomlar, olim va sportchilar chiqishi o‘rin olgan. Shahar aholisi va mehmonlar ko‘plab ijodiy uchrashuvlar, teatr premeralari, musiqiy tanlovlar, taniqli estrada xonandalari va milliy qo‘shiqchilar ijrosidagi san’at asarlaridan bahramand bo‘lishadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandga MDH madaniy poytaxti maqomi Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlari kengashi qarori bilan berilgan.
2010-yildan boshlab taqdim etib kelinayotgan ushbu faxriy maqom har yili MDH shaharlaridan biriga beriladi. O‘tgan yil Sankt-Peterburg Hamdo‘stlik madaniy poytaxti edi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA