O‘zbekiston — YUNESKO: hamkorlik aloqalari, istiqbolli rejalar va Samarqandda o‘tkaziladigan oliy anjumanning ahamiyati haqida suhbat

Ma’lumki, 2023-yil 7-22-noyabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida uning navbatdagi, 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilindi. Ushbu qarorni tashkilotga a’zo 194 davlatning barchasi qo‘llab-quvvatladi. Bu esa so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir.

Shu munosabat bilan ushbu tarixiy qaror va umuman, O‘zbekiston – YUNESKO aloqalari to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.

— Avvalo, YUNESKO tashkiloti haqida, uning dunyoda tutgan o‘rni va faoliyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz. 

— YUNESKO BMTning ixtisoslashgan muassasalaridan biri bo‘lib, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1946-yil tashkil qilingan. Tashkilotning asl maqsadi a’zo mamlakatlarda ta’lim, fan, madaniyat va axborot-kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishdan iborat. Bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan. YUNESKO norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi. Ulug‘ hind mutafakkiri va davlat arbobi Javoharlal Neru o‘z vaqtida YUNESKOga “insoniyatning vijdoni” deb ta’rif bergan edi.

Hozirda YUNESKOga 194 mamlakat a’zo. Yana 12 ta mamlakat va hududlar assotsiativ a’zo maqomiga ega. Bugungi kunda 400dan ortiq xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamg‘armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi.

— O‘zbekiston YUNESKO bilan qaysi sohalarda hamkorlik qilmoqda va siz ushbu hamkorlikni qanday baholaysiz? 

 O‘zbekiston Respublikasi YUNESKOga 1993-yil 26-oktyabrda a’zo bo‘lib kirgan. 1996-yildan beri Toshkent shahrida YUNESKO vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tashkilotga a’zo davlatlar YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya tuzishi va shu komissiya orqali aloqalarini muvofiqlashtirib borishi lozim. Shu nuqtayi nazardan 1994-yil 29-dekabrda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston YUNESKO bilan turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib keldi. Bu borada, eng avvalo, YUNESKO tomonidan 1992-2001-yillar davomida nashr etilgan «Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi» kitobini nashrga tayyorlashda o‘nlab davlatlar, shu jumladan, o‘zbekistonlik tarixchi va arxeolog olimlar faol qatnashganini alohida ta’kidlash zarur.

Yana bir yo‘nalish bu YUNESKOning yubiley sanalarni nishonlash bo‘yicha faoliyatidir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning qadim tarixi bilan bog‘liq sanalarni YUNESKO rahnamoligida keng nishonlash  mamlakatimiz hali mustaqil bo‘lishidan oldin boshlangan edi. Misol tariqasida YUNESKO doirasida nishonlangan Ab-u Rayhon Beruniy (1973) va Ab-u Ali Ibn Sino (1980) tavalludining 1000-yilligini keltirish mumkin. Mustaqillik yillarida esa bu an’ana yanada rivojlanib, 1994-yilda Mirzo Ulug‘bekning 600-yilligi, 1996-yilda Amir Temurning 660-yillik yubileyi doirasida YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur haftaligi, ilmiy konferensiya va ko‘rgazma tashkil etildi.

Shuningdek, qator tarixiy shaharlarimiz va buyuk allomalarimizning yubileylari nishonlandi. 2023-yil sentyabrda YUNESKO Bosh qarorgohida qomusiy olim Ab-u Rayhon Beruniy tavalludining 1150-yilligi  nishonlandi. YUNESKO xalqaro yubileylarining keyingi ikki yillik ro‘yxatiga “Devoni lug‘oti turk” asarining 950-yilligi hamda qoraqalpoq shoiri Ajiniyaz Qosibay o‘g‘lining 200-yilligi kiritildi.

Bundan tashqari, YUNESKO bilan hamkorlikda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, folklor, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik, maqom san’ati festivallari YUNESKO shafe’ligida o‘tkazib kelinmoqda.

YUNESKO bilan hamkorlikning keyingi yo‘nalishi bu kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirishga bevosita yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan YUNESKO kafedralaridir. Yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida YUNESKOning “Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish”, “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi”, “Madaniyat turizmi” kabi kafedralari faoliyat olib bormoqda.

— Keyingi yillarda O‘zbekistondagi turli qadamjolar va asori-atiqalar YUNESKO ro‘yxatiga kiritilmoqda. Ana shu ro‘yxatlar va ularga kiritilgan obyektlar haqida ma’lumot bersangiz. 

— Darhaqiqat, mamlakatimizning YUNESKO bilan ikki tomonlama munosabatlarida YUNESKOning xalqaro ro‘yxatlari alohida o‘rin tutadi. Bu borada bir qator ro‘yxat va registrlarni alohida sanab o‘tish mumkin.  Jumladan, YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga shu paytga qadar O‘zbekistondagi 5 ta obyekt kiritilgan bo‘lib, bular — Xivadagi Ichan qal’a majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi hamda Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori.

Ta’kidlash joizki, “Ipak yo‘li: Zarafshon-Qoraqum koridori” (Silk Roads: Zarafshan-Karakum Corridor) 2023-yilda kiritilgan bo‘lib, uning nomzodnomasi O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston tomonidan hamkorlikda taqdim etildi. Mazkur nomzodnomaga kiritilgan jami 31 ta tarixiy obida turli davrlarda bunyod etilgan bo‘lib, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan. Ular Markaziy Osiyo xalqlarining boy madaniy-tarixiy merosi durdonalari hisoblanadi. Ularning 15 tasi O‘zbekiston, 9 tasi Tojikiston va 7 tasi Turkmaniston hududida joylashgan.

O‘zbekiston hududida joylashgan 15 obida quyidagilardan iborat: Jartepa otashparastlar ibodatxonasi, Sulaymontepa, Kofirqal’a qo‘rg‘oni, Dabussiya qo‘rg‘oni, Qosim Shayx me’moriy majmuasi, Mirsaid Bahrom maqbarasi, Raboti Malik karvonsaroyi va Sardoba, Deggaron masjidi, Chashmai Ayyub maqbarasi, Vardonze qo‘rg‘oni, Vobkent minorasi, Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi, Chor Bakr nekropoli, Varaxsha qo‘rg‘oni hamda Poykent qo‘rg‘oni.

YUNESKOning yana bir ro‘yxati bu Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxati deb nomlanadi. Ushbu ro‘yxatga o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 14 ta elementi (shundan 10 tasi 2016-yildan keyin) kiritilgan. Bular – Shoshmaqom (Tojikiston bilan birgalikda), Boysun madaniy an’analar, Katta ashula, Askiya zukkolik san’ati, Palov bilan bog‘liq madaniyat va an’analar, Navro‘z bayramini nishonlash an’analari (mintaqa mamlakatlari bilan birgalikda), Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi: atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash, Lazgi, Miniatyura san’ati, Baxshichilik, Ipakchilik va an’anaviy ipak tayyorlash san’ati, Xo‘ja Nasriddin haqidagi an’anaviy hikoyalar, O‘zbekiston kulolchilik san’ati, Illyuminatsiya san’ati: naqqoshlik (Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya va Eron bilan birgalikda), Iftorlik va uning ijtimoiy-madaniy an’analari (Ozarbayjon, Turkiya va Eron bilan birgalikda).

YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxati ham mavjud bo‘lib, bu ro‘yxatga O‘zbekistonning ikkita obyekti kiritilgan. Bular G‘arbiy Tyan-Shan (2016) hamda “Turon cho‘llari” (2023)dir.

YUNESKO “Jahon xotirasi” reestri 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi hujjatli meros — qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega bo‘lgan hujjatlar yoki hujjatlar to‘plamining qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishining oldini olish, avaylab asrash va keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

2023-yilga qadar YUNESKOning “Jahon xotirasi” reestriga O‘zbekiston Respublikasidan Toshkent shahrida saqlanayotgan Muqaddas Usmon Quroni, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari kiritilgan edi. 2023-yilda esa O‘zbekiston tarixiga oid yana 2 ta hujjatlar to‘plami — Mavlono kulliyoti va Buxoro amirligining Qushbegi ma’muriyati arxivlari to‘plami ushbu reestrga kiritildi.

Yana bir muhim yo‘nalish YUNESKOning Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i bo‘lib, unga O‘zbekistonning 2 ta obyekti kiritilgan. Bular — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021).

— So‘nggi yillarda O‘zbekiston – YUNESKO aloqalarida yaqqol jonlanish va faollik sezilmoqda. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama turli tadbirlar o‘tkazilmoqda va hamkorlikdagi rejalar tuzilmoqda. Shular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. 

— Haqiqatan ham keyingi yillarda O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning obro‘-nufuzini yanada yuksaltirishda, uning jahon hamjamiyati bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorligini yanada kengaytirishda YUNESKO muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori O.Azule bilan uch marta uchrashdi. Buning natijasida 2017-2023-yillarda milliy madaniy merosimizning 14 ta noyob namunasi YUNESKOning yuqorida qayd etilgan ro‘yxatlaridan joy olib, insoniyat merosi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Buxoro shahri Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritildi.

2022-yilda O‘zbekiston tarixda ilk bor 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.

2022-yil 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO Bosh direktori O.Azule hamda dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari va xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida YUNESKOning maktabgacha ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston hozirga qadar YUNESKOning 10 ta xalqaro konvensiyasiga qo‘shilgan. Yana bir muhim yangiliklardan biri 2023-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda sun’iy intellekt sohasida odob-axloqni targ‘ib etish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

— Ma’lumki, 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Ushbu oliy anjumanga tayyorgarlik ishlari qanday, undan qanday natijalar kutilmoqda?

— Ta’kidlash joizki, Bosh konferensiya YUNESKOning oliy organi bo‘lib, uning sessiyalari har ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadi. O‘tgan 40-yildan ortiq vaqt davomida Bosh konferensiya sessiyalari faqat Parij shahrida o‘tkazib kelingan. Faqatgina 1985-yil Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan.

Albatta, YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining bosh qarorgohi sifatida Samarqand shahri tanlab olinishi bejiz emas, bunda chuqur ramziy ma’no mujassam. Zero, ushbu ko‘hna va hamisha navqiron shahar azal-azaldan tarixiy uchrashuvlar, tamaddunlar muloqoti markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda turli madaniyatlar o‘zaro uchrashib, bir-birini to‘ldirib, boyitib kelgani hech kimga sir emas.

Samarqandda o‘tkaziladigan ushbu oliy anjumanga tayyorgarlik ishlari hozirdanoq boshlab yuborildi. 2024-yil 15-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat nufuzli xalqaro anjumanni yuqori saviyada va tashkiliy jihatdan yuksak darajada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda tayyorgarlik bilan birga, hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari ham belgilab berildi. Xususan, mamlakatimizning Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markaziga a’zo bo‘lishi uchun rasmiy ariza topshiriladi. O‘zbekistondagi shaharlar, noyob madaniy va tabiiy meros obyektlarini tegishlicha YUNESKOning Ijodkor shaharlar hamda Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar tarmoqlariga hamda boshqa xalqaro ro‘yxatlarga kiritish choralari ko‘riladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 1995 va 1997-yillarda bo‘lib o‘tgan 28 va 29-sessiyalari shaxsan ishtirokchisi sifatida shuni ta’kidlashim mumkinki, ushbu oliy anjuman, haqiqatan ham yirik olamshumul voqelik hisoblanadi. Zero, unda “insoniyatning vijdoni” bo‘lmish YUNESKO tashkilotining strategik maqsad va vazifalari qabul qilinadi. Qolaversa, oliy anjuman ishida tashkilotga a’zo barcha davlatlarning nufuzli delegatsiyalari bilan birga YUNESKO rahbariyati ham to‘liq tarkibda ishtirok etadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan anjumanning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, u YUNESKO tashkil topganining 80-yillik yubileyi bilan hamohang tarzda o‘tkaziladi. Shu asnoda tuzilmaning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati sarhisob qilinib, istiqboldagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab olinadi. Qolaversa, YUNESKO yangi Bosh direktorining aynan Samarqand shahrida saylanishi ham bo‘lajak anjumanning nufuzini yanada oshiradi.

Oliy anjuman asnosida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy, ilmiy-ma’rifiy, turistik imkoniyatlari, uning dunyo tamadduniga qo‘shgan olamshumul hissasi dunyo hamjamiyatiga yana bir bor namoyish etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga mamlakatimiz mezbonlik qilishi, hech shubhasiz, bu O‘zbekiston uchun katta ishonch, ayni paytda mas’uliyat hamdir. YUNESKOning mazkur qarori O‘zbekistonning xalqaro nufuzi yuksalib, jahon hamjamiyatining o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lgan faol a’zosiga aylanib borayotganidan, tinchlik va barqaror taraqqiyot ruhidagi “Samarqand ovozi” tobora balandroq yangrayotganidan dalolat beradi.

 Mazmunli suhbat va bergan ma’lumotlaringiz uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri 

Muhtarama Komilova suhbatlashdi.