Amerikada san’at vakillari ham milliarder bo‘lishi hech gap emas. Yaqinda “Forbes” jurnali har yili tuziladigan milliarderlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu tarkibga boyligi bir milliard dollardan oshgan qo‘shiqchi Teylor Svift ham kiritildi.
– Reytingga kiritilgan yangi shaxs, albatta, Teylor Svift, – deb yozgan “Forbes”. – “Eras” nomli rekord darajada yirik, besh qit’a bo‘ylab amalga oshirgan ijodiy safaridan olingan daromad tufayli uning mulki milliard dollardan oshdi.
Svift ushbu dasturi davomida soliqdan tashqari 190 million dollar foyda ko‘rgan.
Xonandaning boyligi hozir 1,1 milliard dollarga yetdi. Ta’kidlanishicha, Teylorning umumiy daromadi ijodiy safarlari, musiqiy albomlari va ko‘chmas mulkidan jamlangan. Nashr qo‘shimcha qilishicha, Svift faqat qo‘shiqlari va sahna chiqishlari orqali milliarder bo‘lgan birinchi xonanda hisoblanadi.
Boy san’atkor va sportchilar ro‘yxatini 5,5 milliard dollar bilan “Yulduzlar jangi” filmi muallifi Jorj Lukas boshqarmoqda. Ikkinchi o‘rin 4,8 milliard dollarli kino prodyuseri, rejissyor va ssenariychi Stiven Spilbergga tegishli. Baketbolchi Maykl Jordanning davlati 3,2 milliard dollar atrofida baholangan.