Isroil falastinliklarga nisbatan genotsid uyushtiryapti, deyishga yetarli asos bor, deya bayonot berdi Jenevada uyushtirilgan brifingda BMT Falastinda inson huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze.
***
Shvetsiyaning NATOdagi elchisi Aksel Vernxoff “Politico” nashriga intervyu bera turib, Yevropa o‘nlab yillar davomida Rossiya tahdidi ostida yashashga majbur bo‘ladi, dedi.
Vernxoff eslatishicha, Alyans strategiya konsepsiyasida RF harbiy tahdid tug‘dirayotgan davlat sifatida tavsiflangan.
***
Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ta’kidlashicha, respublika neft eksportini diversifikatsiya qilish uchun turli muqobil yo‘llarni ko‘rib chiqmoqda. Bu borada ozarbayjonlik hamkorlar bilan bitim tuzilib, “Bok-u – Supsa” va “Bok-u – Tbilisi – Jayxan” neft quvuridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish ustida ham ish olib borilyapti, dedi vazir.
***
“Bloomberg” yozishicha, AQSH Rossiya – Ukraina ziddiyati sharoitida zambarak snaryadi ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun Turkiyadan trotil xaridini oshirmoqda. Vashington harbiy yordam berishni davom ettirayotgan bir sharoitda, Ukraina o‘q-doriga kuchli ehtiyoj sezmoqda. Turkiya 2024-yil AQSHga zambarak snaryadi ham yetkazib beradigan yirik eksportyorga aylanadi.
***
“The Telegraph” fikricha, AQSH yuz o‘girgach, Isroil XAMASni yo‘q qila olmasligini tan olgan.
– Isroil besh oydan buyon G‘azo sektorida uzluksiz jang olib borayotganiga qaramay, XAMASni yo‘q qilolmasligi mumkin, – deb yozdi gazeta Isroil rezvedkasi vakiliga tayanib.
***
AQSHning eng qimmat qurollari ham xusiylarning savdo kemalariga hujumini bartaraf qilolmadi, deyiladi “Bloomberg” axborotida. Zero, dunyoning yirik yuk tashish kompaniyalari hamon ushbu savdo yo‘lagi orqali qatnashga jur’at etmayapti. Holbuki, dunyo bozoriga tashilayotgan tovarlarning 15 foizi shu mintaqaga to‘g‘ri kelardi.
Hozir Qizil dengiz janubiy qismidan o‘tayotgan kemalar 70 foiz kamaygan.
***
Rossiyalik chegarachilarning Yerevan aeroportidan olib chiqilishi masalasi to‘liq hal qilingan, ular 1-avgustgacha obyektni tark etishi kerak, deb bayonot berdi Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan. Uning aytishicha, Yerevan va Moskva ushbu masalani boshqa muhokama qilmaydi.
***
“Reuters”: RF Xitoy, Turkiya va BAAdan neft pulini ololmayapti.
– Sanksiya tufayli Rossiyaning ko‘pgina kompaniyalari bir necha oydan buyon sotilgan qora oltin uchun pul ololmayapti, chunki Xitoy, Turkiya va BAAdagi banklar AQSH ikkilamchi sanksiyaidan xavotir olib, yanada ehtiyotkor bo‘lib qolgan, – deyiladi xabarda.
***
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus bayonot berishicha, Isroil armiyasi hujumi G‘azoga ocharchilik xavfini solmoqda.
– Davom etayotgan fojiani to‘xtatish uchun zudlik bilan o‘t ochishga barham berish va gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash kerak, – deydi u.
Ayni payt G‘azoda 2 million kishi oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshpana yetishmasligidan qattiq aziyat chekmoqda.
***
Terrorchilar uchun ham, terror tashkiloti panohida siyosat yuritayotganlar uchun ham Turkiya eshiklari yopiq, dedi mamlakat Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an.
– Turkiya 40-yildan buyon terror xurujiga qarshi kurashib keladi, yana 40-yil chidashimiz mumkin emas, – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
***
Agar Isroil G‘azo sektorida bosqinchilikni to‘xtatmasa, garovdagilar ozod qilinmaydi, deya bayonot berdi XAMAS rahbarlaridan biri Xolid Mash’al.
– Muzokarada biz o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinni G‘azodan olib ketish, uyini tark etgan aholini o‘z manziliga, ayniqsa sektor shimoliga qaytarishni talab qilyapmiz, – dedi u.
S.Rahimov,
O‘zA