Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari besh oydan ko‘p davom etgan bahs va veto qilingan besh rezolyutsiya loyihasidan so‘ng, 25-mart kuni G‘azoda Isroil va XAMAS o‘rtasida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani muvaffaqiyatli qabul qildi.

Qo‘shma Shtatlar betaraf qolgan, 14 a’zo yoqlab ovoz bergan hujjatga ko‘ra, Ramazon oyida o‘t ochishni to‘xtatish, Isroillik asirlarni ozod qilish va G‘azoga gumanitar yordamni kuchaytirish ifodalangan.

Afsuski, ko‘pchilik tahlilchilar mazkur rezolyutsiya urushni to‘xtatish kuchiga emas, balki ramziy ma’noga ega va bu harakatlar hali yetarli emas, demoqda.

 

Rezolyutsiya majburiymi?

AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Qo‘shma Shtatlar ushbu majburiy bo‘lmagan rezolyutsiyadagi ayrim bandlarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller ham jurnalistlarga bu majburiy bo‘lmagan kelishuv ekanini uqtirgan. Holatga rasmiylar va Xavfsizlik Kengashi a’zolari e’tiroz bildirdi. Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Jun XK rezolyutsiyalari majburiy, deya baholadi. Tashkilot matbuot xizmati rezolyutsiya xalqaro huquqqa daxldorligi bois majburiyligini qo‘shimcha qilgan.

Agar BMT XK rezolyutsiyasiga rioya etilmasa, kengash qonunbuzarlikni ko‘rib chiqadigan keyingi rezolyutsiyaga ovoz berishi va sanksiya, hatto, xalqaro kuchlar ishtiroki shaklida jazolashi mumkinligiga urg‘u berdi.

Isroil tarixda bir necha bor BMT rezolyutsiyalarini buzib, keyin qutulgan. 2016-yil dekabrda, Barak Obama prezidentlik muddatining so‘nggi kunlarida XK Isroilning Falastindagi uy-joylarini noqonuniy deb, xalqaro huquq buzilishi sifatida baholovchi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘shanda ham hujjat betaraf AQSHdan tashqari barcha 14 ovoz bilan qabul qilingan. Isroil esa qarorni e’tiborsiz qoldirgan. 2023-yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan ushbu nizo bo‘yicha gumanitar sulh tuzishga chaqirdi. Bu majburiy bo‘lmagan rezolyutsiya edi va Isroil yana amal qilishdan bosh tortdi.

 

BMT rezolyutsiyasi urushni to‘xtatadimi?

Navbatdagi hujjatda umid qilinishicha, Ramazon oyida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bilan uzoq muddatli va barqaror tin olishga erishiladi. Dushanba kuni, ovoz berishdan biroz oldin, hujjat matnidan “doimiy” so‘zi olib tashlandi. Shundan so‘ng Rossiya Isroil Ramazondan keyin G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini xohlagan payt boshlab yuborishidan xavotir bildirdi. Qo‘shma Shtatlar Isroilga harbiy yordam yetkazib berishni haligacha to‘xtatmadi va Isroil xavfsizligini ta’minlashga sodiqligini takrorlashdan charchamayapti. Oq uyning Milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha vakili Jon Kirbi dushanba kuni jurnalistlarga shunday dedi:

– Bizning ovozimiz siyosatimizdagi o‘zgarishni anglatmaydi.

 

Bu rezolyutsiyaning o‘ziga xosligi nimada?

O‘tgan hafta juma kuni AQSH tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy veto qo‘yib, Jazoyir qarshi ovoz bergan, Gayana esa betarafligini bildirgan edi. Hujjatda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarni XAMASni moliyalashtirishni cheklash orqali bostirishga chaqirilgan, guruhning o‘zi qoralangan. Dushanba kungi kelishuvda esa XAMASga qarshi jumla ishlatilmagan. Isroil esa sulhni asirlar ozod qilinishi bilan bog‘lanmagani uchun tanqid qildi.

 

Rezolyutsiya AQSH – Isroil ziddiyatini chuqurlashtirdimi?

AQSH 25-martdagi loyihada oldingi uch hujjatdan farqli o‘laroq, masalaga yondashuvini o‘zgartirib, betaraf qoldi. Isroil delegatsiyasining AQSHga safari bekor qilingach, ikki mamlakat o‘rtasida keskinlik kuchaydi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant AQSHda Blinken bilan uchrashgan, Gallantga Rafoh shahriga quruqlik orqali bostirib kirishdan tiyilish kerakligi aytilgan. AQSH siyosiy pozitsiyasini bildirishiga qaramasdan, Isroil Bosh vaziri ijtimoiy tarmoqda Qo‘shma Shtatlar BMTdagi siyosatidan voz kechganini yozdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ijtimoiy tarmoq orqali hujjatga shunday munosabat bildirdi:

–G‘azo ochlik yoqasida, kamida 32 ming falastinlik halok bo‘ldi. Ushbu rezolyutsiya bajarilishi kerak!

Sardor Poyonov, O‘zA