Moskvadagi terror harakati tufayli jarohatlanganlar soni 360 nafarga yetdi.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, teraktda ayblanayotgan 7 nafar tojikistonlikning qarindoshlari so‘roq qilingan. Faridun Shamsiddinning Tojikistondagi uyi muhrlangan. Emomali Rahmon jarayonni shaxsan nazoratiga olganini ma’lum qildi.
“Krokus”dagi qonli voqeadan so‘ng Rossiyada migrantlarga nisbatan nafrat kuchaymoqda. Davlat dumasida o‘lim jazosini qaytarish muhokamasi avjiga chiqqan, fraksiya yetakchilari moratoriyni bekor qilish tarafdori.
– Moratoriy bo‘lmagan taqdirda ham terrorchilarni o‘limga hukm qilish mumkin emas, – dedi RF Federal Kengashi Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas. – Kreml hodisada Ukrainaning qo‘li borligiga ishonmoqda. Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev jurnalistning hodisani ISHID yoki Ukraina sodir etgani bilan bog‘liq savoliga “Albatta Ukraina” deya javob bergan. Rasmiy Kiyev bu ayblovni keskin rad etmoqda.
Mamlakatda xavfsizlik va migrantlar bilan bog‘liq tekshiruv kuchaygan. Bugun, 27-mart kuni Politsiya va Rossiya gvardiyasi “Wildberries”ning Elektrostaldagi omborida migratsiya xizmati va xodimlar hujjatini tekshirgani aks etgan video lavha tarqaldi.
“Baza” xabariga ko‘ra, 20 dan ziyod odam qo‘lga olingan. Rossiyaning ko‘plab hududlari ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha muhojirlar xizmatiga cheklov qo‘ydi. Jumladan, Novgorod viloyati hokimiyati patentga ega xorijliklarga taksi va avtobus haydovchisi sifatida ishlash, spirtli ichimlik sotishni taqiqladi. Bu chora Rossiyada yashash uchun ruxsatnomaga ega yoki hududda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan ishchilarga, shuningdek Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga ta’sir qilmaydi.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki RFdan chiqib ketayotgan fuqarolarimizdan xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda harakatlanishni so‘ragan.
Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.