Moskvaning “Krokus” konsert zaliga uyushtirilgan terror xuruji Parij Olimpiadasi xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirni kuchaytirmoqda.

Mahalliy matbuot yozishicha, Rossiyada yuz bergan fojiada 139 kishi halok bo‘lishi, 182 nafar inson jarohatlanishi Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi Prezident Emmanuel Makronning jurnalistlar bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Makron muloqot chog‘i Fransiyada umuminsoniy qadriyatlar himoya qilinishini bildirib, Olimpiya o‘yinlarini har jihatdan xavfsiz o‘tkazish muhimligi, mamlakatda samarali razvedka tizimi mavjudligi, fitnalarning oldini olishda ayni holat muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Ichki ishlar vazirligi “Olimpiada xavfsizligiga tayyor”ligini ko‘rsatish uchun bir necha masalani ilgari surdi.

Makron bayonoti ortidan Fransiya Razvedka xizmati rahbarlari Moskvaga qilingan hujum xulosalarini tahlil qildi. Bosh vazir Gabriyel Attal Olimpiya o‘yinlari davrida mamlakat bo‘ylab yana 4 ming askar joylashtirilishi, joriy yil terror bilan bog‘liq ikki fitnaning oldi olinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yildan buyon Fransiyada 45 ta teraktning oldi olingan.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA