Shu kunlarda Xitoy davlatining Urumchi shahrida boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi navbatdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Yig‘inda terma jamoamizning Farzona Fozilova, Feruza Kazakova, Gulsevar G‘aniyeva, Nigina O‘ktamova, Sitora Turdibekova, Mushtariybonu Ibrohimjonova, Xadichabonu Abdullayeva, Mohinabonu Abdullayeva, Aysanem Saruarova, Navbahor Hamidova, Oltinoy Sotimboyeva hamda Diyoraxon Abdumannobova kabi a’zolari ishtirok etmoqda. Ularga Elshod Rasulov, Nodirbek Aysaxo‘jayev, Shukurullo Vapayev va Islom Tojiboyev murabbiylik qilmoqda.

O‘zA muxbiri boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiyi Elshod Rasulov bilan mazkur yig‘in, oldinda turgan musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi.

– Elshod aka, mazkur yig‘indan ko‘zlangan asosiy maqsad nima va yig‘in qanday o‘tmoqda?

– Xabaringiz bor, joriy yilning 23-may-5-iyun kunlari Tailandda Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnir bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada munosib ishtirok etish, oldinda turgan nufuzli turnirlar hamda «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlari uchun tayyorlov bosqichi hisoblanadi. Mazkur sport tadbirlari oldidan sportchilarimiz holatini yanada yaxshilash maqsadida tashkil etildi. Yig‘in a’lo darajada o‘tmoqda. Ayniqsa, sharoit jihatdan barchasi yaxshi va bu shogirdlarimning ham kayfiyatini ko‘tarmoqda. Mashg‘ulotlarda sportchilarimiz hamma ko‘rsatmalarimizni astoydil qilmoqda.

– Xalqaro yig‘in uchun nega aynan Xitoy tanlandi va ushbu yig‘inda yana qaysi terma jamoalar ishtirok etmoqda.

– Hozirgi kunda Xitoyda ayollar boksi jadal rivojlanmoqda va shuning bilan birga ushbu mamlakat terma jamoasi dunyoda eng yuqori o‘rinlarda turibdi. Shu boisdan biz mazkur davlatda yig‘in o‘tkazishni istadik. Bu yerda terma jamoamiz bilan birgalikda Xitoy va Qozog‘iston terma jamoalari ham mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Uchta terma jamoa a’zolari mashg‘ulotlar davomida o‘zaro tajriba almashmoqda. O‘ylaymanki, ushbu yig‘indan to‘plangan tajribalar oldida turgan nufuzli musobaqalarda o‘z samarasini beradi.

– Tailanddagi musobaqa haqida to‘xtalib o‘tsangiz va ushbu musobaqaga qadar yana o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladimi?

– Tailanddagi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqaga qadar Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» bazasida yana ikki bosqichli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazamiz. Bu federatsiyamiz tomonidan tizimli ravishda tashkil etiladi. Litsenzion musobaqada 4 vaznda shogirdlarim yo‘llanmalar uchun ringga ko‘tariladi. Umid qilamanki, ushbu maqsadimiz amalga oshadi. Darvoqe, hozirda «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan Nigina O‘ktamova, Sabina Boboqulova kabi sportchilarimiz ham belgilangan tartibda mashqlarni davom ettirmoqda.

– Aytingchi, tashkil etilayotgan xalqaro va mahalliy yig‘inlar, turnirlardagi ishtirok uchun yaratilayotgan sharoitlar qay darajada?

– Mazkur yig‘inlar va musobaqalar uchun biz sportchi hamda murabbiylarga O‘zbekiston boks federatsiyasi, sportimiz mutasaddilari tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Har bir musobaqa oldidan ikki va uch bosqichli xalqaro va mahalliy yig‘inlar tashkil etilmoqda. So‘ngra xalqaro turnirlarda ishtirok etish borasidagi barcha ishlar tizimli tarzda yaratilmoqda. Ulardagi sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tsam, mehmonxonalar, ovqatlanish, sportchilar uchun kerakli sport anjomlari, liboslar, vitamin va kerakli dorilar, doping nazorati yuqori saviyada bo‘lmoqda.

 

O‘zA muxbiri Javohir Toshxo‘jayev suhbatlashdi.