Ozarbayjon poytaxti Bok-u shahrida boks bo‘yicha «Buyuk Ipak yo‘li-2024» xalqaro turnirining navbatdagi kunida O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar vakili ringga chiqib, ularning 7 nafari keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempioni Bahodir Jalolov vazni 92 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar bahsida rossiyalik Ramazan Karnukayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Ushbu vazndagi ikkinchi charm qo‘lqop ustamiz Jahongir Zokirov mezbonlar vakili Mahammad Abdullayev ustidan texnik g‘alaba qozondi. 75 kilogrammgacha vazn toifasidagi bellashuvlarning ushbu bosqichida ikki nafar vakilimiz Alisher Ayubov va Javohir Ummataliyev o‘zaro to‘qnashdi. Unda Javohirning qo‘li baland keldi. Mazkur vazn toifasidagi uchinchi sportchimiz Saidjamshid Jafarov esa rossiyalik Sergey Sergeevni 5:0 hisobida taslim qildi.
Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Shahina Ne’matova, Shavkatjon Boltayev, Rahmatilla Boymatov va Fazliddin Erkinboyev kabi bokschilarimiz g‘alaba qozondi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA