Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati va 2027 yilgi Osiyo kubogi qo‘shma saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston va Hongkong terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
«E» guruhidan o‘rin olgan ushbu o‘yin Toshkent shahridagi «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi hujumkor o‘yin namoyish etdi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda dastlab, Eldor Shomurodov gol urgan bo‘lsa, Hojimat Erkinov uzoq masofadagi supergolga mualliflik qildi. Uchinchi golni Oston O‘runov birga-bir vaziyatdan unumli foydalangan holda amalga oshirdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi ochkolar hisobini 10 taga yetkazib oldi va 2027 yilgi Osiyo kubogi hamda 2026 yilgi Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichiga yo‘l oldi. Endi 6-iyun kuni terma jamoamiz o‘z maydonida Turkmanistonga qarshi 5-tur doirasida o‘yin o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA