Xitoyning Tayyan shahrida o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha “Parij-2024″ yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo litsenzion turnirida sportchilarimiz Jasurbek Jaysunov (-80 kg.) hamda Ozoda Sobirjonova (-67 kg.) o‘z vazn toifalaridagi bahslarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Jasurbek Jaysunov saralash musobaqalarida Kamboja, Suriya vakillaridan ustun keldi. Olimpiya yo‘llanmasi uchun kechgan jangda esa iroqlik Saif Tohirni “Parij-2024” yo‘llanmasidan mahrum etdi.
Ozoda Sobirjonova esa Olimpiada yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda vetnamlik Ti Kiyem Bakni dayandan bosh egib chiqishga majbur qildi va taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining to‘liq tarkibda “Parij-2024″ yo‘llanmalariga ega bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimiz taekvondochilaridan Ulug‘bek Rashitov (68) va Svetlana Osipova (+67) Xalqaro taekvondo federatsiyasi reytingi orqali “Parij-2024” yo‘llanmasiga ega chiqqan sportchilar sanaladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA