Xitoyning Shandon provinsiyasida joylashgan Tayyan shahridagi “Taishan International“ majmuasida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida “Parij-2024″ yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo litsenzion turniri boshlandi.
Ikki kun davom etadigan ushbu kvalifikatsion turnirda O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar vakili – Jasurbek Jaysunov (-80 kg.) hamda Ozoda Sobirjonova (-67 kg.) ishtirok etadi. Ushbu musobaqada yarim final bellashuvlarida g‘alaba qozongan taekvondochilar litsenziyaga ega chiqishi munosabati bilan final bellashuvlari o‘tkazilmaydi.
Musobaqaning ilk kunida Jasurbek Jaysunov chorak finalda Va Mitona (Kamboja)va Vayl Al Farraj (Suriya) uchrashuvi g‘olibi bilan, Ozoda Sobirjonova esa yarim finalda Ti Kiyem Bak (Vetnam) hamda Mohru Xalimova (Tojikiston) bahsida g‘alaba qozongan taekvondochi bilan bahs olib boradi. Bellashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 6:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA