Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tgan professional boks oqshomida rossiyalik Magomed Qurbonovni mag‘lub etib, WBAning chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan iste’dodli bokschimiz Isroil Madrimov Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Vatanimiz sharafini ulug‘lagan bokschiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi bo‘lgan avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Ringdagi janglarning shiddati singari bokschilar ham o‘ta qiziqqon bo‘ladi. Jahon boks yulduzlarini olasizmi, o‘zimizning yaqin o‘tmishdagi nomdor charm qo‘lqop ustalarimiznimi, hammasida bokschilarga xos xarakter —o‘ziga nisbatan o‘ta talabchanlik, favqulodda shijoat, bildirilgan fikrga tezkor munosabat kabi bir qator umumlashgan xislatlar mujassam. Ammo, ular orasida jahon boksining yangi chempioni sifatida bo‘y ko‘rsatgan hamyurtimiz Isroil Madrimov boshqa charm qo‘lqop ustalariga o‘xshamagan vazminligi, o‘ta bosiqligi, mulohazakorligi bilan ko‘pning e’tiborini tortgan.
Isroil ilk bor boks bilan Xivada shug‘ullana boshlagan. Chirchiq olimpiya zaxiralari sport maktabida ustozi To‘lqin Qilichevdan boksning chinakam sir-asrorlarini o‘rgangan. U qo‘lqop zarbi, ring taftidan terga botib, murakkab vaziyatlarga tushgan chog‘larida ham, kichik musobaqalar, sinama mashqlar, janglardagi nohaqliklarga duch kelganda ham sabr qildi, og‘ir-vazminlikdan voz kechmadi. Ustozining o‘gitlari va maslahatiga quloq soldi. Chidamliligi, bardoshliligi, yorqin g‘alabalar kelishiga bo‘lgan ishonch uni bir daqiqa tark etmadi. Bu sabr-qanoat va ustozlarining yo‘l-yo‘rig‘i uni boksning ulug‘vor va matonatli katta yo‘liga olib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Isroil Madrimov 1995-yili Xorazm viloyati, Xiva tumanida tavallud topgan. Havaskor boksda 104 ta jang o‘tkazib, 84 tasida g‘alabaga erishgan Osiyo o‘yinlari sovrindori (2014) va g‘olibi (2018), qit’a chempioni (2017). Professional boksdagi ilk jangini 2018-yilning 24-noyabr kuni AQSHda meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi o‘tkazib, raqibini 6-raundda texnik nokautga uchratgan. Shundan beri u katta boksda 12 ta jang o‘tkazib, 11 tasida g‘alaba qozongan va 1 tasida durang natija qayd etgan.
Hamyurtimiz Isroil Madrimovning professional boksdagi faoliyati davomidagi eng yuqori nuqtaning boshlanishi so‘zsiz joriy yil 9-mart kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tgan boks oqshomida rossiyalik Magomed Qurbonovni 5-raundda nokautga uchratib, eng o‘rta vazn toifasida WBAning yangi jahon chempioniga aylangan kuni bo‘lib qoladi.
Vatan shuhratini ulug‘lagan, mamlakatimiz yoshlarining kuch-qudratini jahon ringida namoyish etgan Isroil Madrimov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirligi, O‘zbekiston boks federatsiyasi, keng jamoatchilik vakillari, sport jurnalistlari ishtirokida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov, mamlakat sport faxriylari kengashi raisi B.Maxsitov, O‘zbekiston boks federatsiyasi, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vakillari va boshqalar Isroilning professional boksda jahon chempionligiga erishishi mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan boks rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratilishining mahsuli bo‘lganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, ushbu muvaffaqiyat o‘zbek boks maktabining g‘oliblik an’analari bardavom ekani, yuzlab yosh sportchilarni yangi g‘alabalarga chorlashi, ming-minglab oilalarda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani bildirildi.
Kutib olish tantanalari davomida WBA yo‘nalishida jahon chempioni Isroil Madrimovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi bo‘lgan “Chevrolet Tahoe” avtomashinasining kaliti topshirildi.
– Men bunday sharafga erishishni ancha kutdim. 2018-yili professional boksda debyut qilgan bo‘lsam, o‘tkazgan har bir jangim, harakatim jahon chempionligi kamariga ega chiqishga qaratilgandi. Shukrki, maqsadimga erishganimdan xursandman. Bu g‘alabam ortida ustozlarimning, xorijiy hamkorlarning, O‘zbekiston boks federatsiyasi jamoasining alohida xizmatlari borligini ta’kidlashni istardim. Bu o‘zbek bokschilari dunyoda yengilmaslarni ham yengishga qodirligini ko‘rsatib berayotgan damlar yanada ko‘p bo‘lishidan dalolat. Mazkur g‘alaba oldinda bizni kutib turgan shiddatli janglar, chempionlik uchrashuvlarining ostonasi bo‘lib qolishini niyat qilmoqdaman, – deydi Isroil Madrimov.
Darhaqiqat, shunday bo‘lishini qalb-qo‘rimiz bilan istagan holda tarixga nazar tashlasak, bundan 20-25-yillar muqaddam birgina Artur Grigoryanning g‘alabalaridan xursand bo‘lib yurgan bo‘lsak, keyinchalik professional boksda o‘ziga xos yurishni boshlagan Ruslan Chagayev, Muhammadqodir Abdullayev, Timur Ibragimov, Dilshod Yorbekov kabi klassik bokschilarimizga muxlislik qildik.
Ammo jahon professional boks maydoniga Murodjon Ahmadaliyev, Bahodir Jalolov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Otabek Xolmatov, Shahram G‘iyosov kabi o‘zbek boksining o‘nlab navqiron va shiddatli avlodining kirib kelishi boks dunyosiga ham o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Bundan to‘rt yil muqaddam – 2020-yilning 30-yanvarida Murodjon Ahmadaliyev professional boksning IBF va WBA yo‘nalishlarida amerikalik Daniyel Romanni mag‘lub etib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritishi o‘zbek boks tarixining yangi zarvarag‘i bitilishiga sabab bo‘lgandi. Isroil Madrimovning rossiyalik mashhur bokschini taslim etib, WBA chempionlik kamariga ega chiqishi o‘zbek boks qudrati jahon professional boks maydonida nechog‘li shiddatga ega ekanini yana bir karra namoyish etdi.
Bugun Ahmadaliyev boshlab bergan chempionlikning shonli va sharafli yo‘lini davom ettirayotgan sobiq mutlaq chempion Jermell Charlo va WBO kamari egasi Tim Szyu singari Isroil Madrimovni ESPN birinchi o‘rta vaznning yetakchilari safida talqin etmoqda.
Bildirilayotgan ishonch, kutilayotgan umid o‘z o‘zidan yuz bermaydi. Uning ortida katta g‘alabalar, professional boksning xalqaro maydondagi mavqeini o‘zbekistonlik iste’dodli bokschilarning shahd-u-shiddati orqali mustahkamlash masalasi mujassam.
Bugun jahonda xalqaro boks janglarining jozibasini oshirish, millionlab boks fanatlarini uyg‘otish, ularni ring atrofidagi shov-shuvlarga oshufta etish uchun aynan Isroil, Bahodir, Murodjon va Bektemirga o‘xshagan o‘zbekning mushti, “oltin avlodi” juda-juda kerak.
Biz avvallari dunyoga talpingan bo‘lsak, bugunga kelib dunyo jamoatchiligi Yevropa, Amerika, Osiyo qit’asining o‘nlab davlatlarida tashkil etiladigan boks kechalari, ulug‘vor tantanalarda o‘zbek o‘g‘lonlarini o‘z saflarida ko‘rmoqqa intiqligini bildirmoqda. Ayni holat yangilanayotgan O‘zbekiston sport sohasida ham o‘zining maftunkor qiyofasiga ega bo‘lib borayotganini anglatmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA muxbiri