Poytaxtimiz Toshkentda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Bahodir Jalolov hamda Oksana Chusovitina ixtisoslashtirilgan sport maktablari xalqaro sport jamoatchiligining, turli xorijiy mamlakatlardagi jismoniy tarbiya va sport ta’lim muassasalari olimlarining qiziqish va e’tiboriga sabab bo‘lmoqda.
Kuni kecha yurtimizga tashrif buyurgan Germaniyaning Kyoln sport universiteti professorlari Georgiy Korobeynikov hamda Letsia Korobeynikova, janubiy koreyalik professor Baek Mun Jong, bir guruh xorijiy sport mutaxassislari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Rashid Matkarimov hamrohligida Bahodir Jalolov hamda Oksana Chusovitina ixtisoslashtirilgan sport maktablarida bo‘lib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Mazkur sport ta’lim dargohlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, shug‘ullanuvchi yoshlar bilan suhbatlar davomida xorijlik olimlar, sport mutaxassislari mamlakatimizda professional sportchilarni tayyorlashning yangicha ilg‘or tizimi joriy etilganini e’tirof etdi.
Muloqotlar chog‘ida ushbu sport maktablari har tomonlama malakali sportchilarni tayyorlash bilan birga sport ta’lim sohasida izlanishlar olib boradigan mutaxassislarni yetishtirishda ham muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan Bahodir Jalolov hamda Oksana Chusovitina ixtisoslashtirilgan sport maktablari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelgusida ikkala ixtisoslashtirilgan sport maktablari uchun zarur hollarda universitet tomonidan murabbiylar yetkazib berish, o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish va eng muhimi, maktab tarbiyalanuvchilarini universitetga o‘qishga jalb etish, o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish masalalari kelishib olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA