Qonun loyihasiga sharh

Yildan yilga global tus olayotgan suv muammosi bu tabiiy resursdan unumli foydalanish, uni isrof qilmaslik, behudaga sarflamaslik lozimligini anglatmoqda. Shu bois ham mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda ko‘zda tutilayotgan yangiliklar haqida Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Ravshan Begmatov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Quyi palatamizda qabul qilingan ushbu qonun loyihasi bilan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Loyiha davlatimiz rahbarining shu yil 5-yanvarda qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan. Mazkur qarorda belgilanganidek, tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suvni yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashkil etildi. Ushbu davlat muassasasi endilikda quyi bo‘g‘ingacha bo‘lgan suv iste’molchilariga suv yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Amalda suv yetkazib berish xizmatlari uchun fermerlar tomonidan haq to‘lanar edi. Shu bilan birga, suvdan foydalanganlik uchun soliq ham to‘lanardi. Endi ushbu qonun loyihasi bilan suv yetkazib berish xizmatlariga haq to‘lash bekor bo‘lmoqda, faqat soliq to‘lanadi xolos. Ushbu to‘langan soliq tushumlarining 40 foizi suvni yetkazib berish xizmatlarini takomillashtirishga yo‘naltiriladi. Bunga ichki tarmoqlarni betonlash, tozalash, iste’molchilarga suv limitlarini ishlab chiqish, yetkazib berish xizmatlarini amalga oshirish kabilar kiradi.

Yana bir o‘zgartishlardan biri, endilikda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv iste’molchilariga nisbatan suv olish limitlarini xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan tasdiqlash masalasidir. Bu nima beradi? Bu suv resurslaridan samarali foydalanish, uni boshqarishni takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, suvni quyi bo‘g‘inlargacha yetib borishini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini ham kuchaytiradi.

 

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.