Kecha taekondo WT bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqada ishtirok etish uchun Xitoyga yetib bordi.

Joriy yilning 15-16-mart kunlari Xitoyning Tayan shahrida o‘tadigan taekvondo WT bo‘yicha “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim musobaqada qit’aning eng kuchli taekvondochilari ishtirok etadi.

Xitoyda boshlanadigan mazkur musobaqa dasturiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi uchun ushbu turnirda bir nafardan erkak va ayol sportchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi taqdim etilgan.

Murabbiylar kengashining qaroriga binoan Jasur Jaysunov 80, Ozoda Sobirjonova esa 67 kilogrammlik vaznlarda yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lidagi janglarda ishtirok etishadi.

Eslatib o‘tamiz, yurtimiz taekvondochilaridan Ulug‘bek Rashitov (68) va Svetlana Osipova (+67) Xalqaro taekvondo federatsiyasi reytingi orqali “Parij-2024” yo‘llanmalariga ega chiqqan.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA