Bugungi dunyoni xohlasangiz Xantington tili bilan “Axborot jamiyati” deng, xohlasangiz, Forobiy aytgan “Fozil odamlar shahri”ning ibtidosi deb atang. Lekin, men bu jarayonlarni yanada aniqroq qilib, ilmga asoslangan tabaqalanish davri, deb atagan bo‘lardim.

Keling, fikrlarimni asoslab bersam. Oxirgi to‘rt-besh yilda tug‘ilgan bolalarning yarmidan ko‘pi kelajakda shunday kasblar egasi bo‘ladiki, u kasblarning nomlanishini ham hali bilmaymiz. Ya’ni lug‘atimizda bu kasb nomini ayta oladigan so‘z hali yo‘q. Xo‘sh, bu nima degani?

Yaqin 10-yillikda GMO agronomi, blokcheyn tizimlari bo‘yicha mutaxassis, kiberxavfsizlik administratori, kiberprotez va implantlarni ishlab chiquvchi, marketolog, biomuhandis, telemedika, 3D-dizayner, VR dasturchi, sun’iy intellekt muhandisi, uchuvchisiz uchish apparati boshqaruvchisi, shu va boshqa kasblarga talabning ortishi kutilmoqda.

Sun’iy intellektning hayotimizga jadal kirib kelishi natijasida kelajakda ayrim kasb vakillarining o‘rnini texnologiyalar egallashi mumkin. Buning natijasida pochtachi, kassir, sayohat agentligi, bosma matnlar uchun muharrir, bank ofisi operatori, onlayn xizmatlari operatorlari, jamoat transportida konduktor, sug‘urta agenti, fotosuratchi, haydovchi, tarjimon, rieltor kabi kasblar yo‘qolishini taxmin qilish mumkin.

Kasb tanlash va malakali mutaxassis bo‘lishda ta’limning ahamiyati katta bo‘ladi. Meni xavotirga solayotgan jihat shuki, BMTning davlatlar ta’lim darajasi indeksida yurtimiz 2022-yilda 191 davlat orasida saksoninchi o‘rinda turibdi.

Vaholanki, 2020 yilgi ko‘rsatkichlarda yetmish birinchi o‘rinda edik. Bu umumiy raqamlarga qarab nahotki bolalarimizning bilim cho‘qqilarini egallashga bo‘lgan ishtiyoqi yildan yilga so‘nib borayotgan bo‘lsa, degan o‘y bezovta qiladi.

Menimcha, biz bunday noxush holatlarning to‘planib borishi haqida tizimli o‘rganishlar olib borib, zudlik bilan yechimlar ishlab chiqishimiz kerak.

Hali bu hammasi emas. Agar maqola avvalidagi fikrlardan kelib chiqsak, yaqin kelajakda paydo bo‘ladigan kasblar egalari, o‘sha soha mutaxassislari bizda bo‘lmaydi. Natijada xorijdan ishchi kuchi olib kelishga majbur bo‘lamiz. O‘zi shundoq ham hozirgi kunda yiliga 600 mingdan 900 minggacha yoshlarimiz mehnat bozoriga kirib kelayapti. Ammo ularning bilim va malakasi borasida bunday deya olmaymiz. Bizga kirakashlar, kassirlar, chilangarlar, ofitsiantlar, raqqosalar, qassoblar emas, yuksak texnologiyalar bilan ishlaydigan mutaxassislar kerak.

Hozirda an’anaviy ishlab chiqarish ham (masalan, to‘qimachilik, qandolatchilik fabrikalari) yalpi ichki mahsulotni unchalik ham oshirib bera olmaydi. Shu sababli, hozirda ishlab chiqarish emas, ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarish darajasiga ko‘tarilish haqida o‘ylashimiz lozim.

Qanday qilib, deysizmi? Yangi texnologiyalarni joriy qilib, bilimni sotish orqali. Sodda qilib aytganda miyani ishlatish orqali. Keling, porloq va yorqin kelajakka egaligi bugundanoq ko‘rinib turgan mutaxassisliklarni birma-bir ko‘rib chiqsak.

Yaqin kelajakda tirik organizmlarga asoslangan sxemalar rivojlanish bosqichiga kirmoqda. Bionika fani istiqbollari ko‘rinmoqda. Yurtimizda bu soha mutaxassislarini tayyorlashga kirishish zaruriyati ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Va uni zudlik bilan hal qilish zarur.

Nanotexnologiyalar yoki “nano” prefiksi qo‘shilgan barcha sohalar. Tibbiy asboblar – dori vositalarini yuborish tizimlaridan sun’iy organlargacha ishlab chiqara oluvchi Gen injeneriyasi mutaxassislari. Dasturchilar, logistiklar, auditlar, robototexnika sohasi bo‘yicha ham shunday deyish mumkin.

Yana bir jihat borki, u ham bo‘lsa, bilim – moddiy va nomoddiy boylik yaratishi zarur, degan prinsipga qat’iy amal qilish, ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yaratib, ilmdagi yangiliklarni ishlab chiqarishga zudlik bilan joriy qilishni ta’minlash zarur. Buning uchun ishlab chiqarish va ilm-fanni bog‘lab turadigan bo‘g‘in – texnologlar safini kengaytirish zarur.

 

US economic growth outpaces increasing energy consumption across all  sectors. [OC] : r/dataisbeautiful

Ushbu diogrammada AQSHda 1950-2010-yillar kesimida YAIM(yalpi ichki mahsulot) o‘sishi ko‘rsatilgan.  Ko‘rib turganingizdek, 1980-yillargacha energiya resurslari o‘sar ekan, yashil rangdagi YAIM ham o‘sishda davom etgan. Biroq, saksoninchi yillardan so‘ng energiya ishlab chiqarishdagi pasayishni, YAIMning esa shitob bilan o‘sib borishini kuzatish mumkin. Bu natijaga erishishda mamlakatning texnologik rivojlanishi asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.

Ana shu mantiqdan kelib chiqqan holda ko‘proq bilimga va texnologiyaga asoslangan taraqqiyot yo‘liga chiqib olish hozirgi davr talabidir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan aniq fanlar mutaxassislarini tayyorlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. “El-yurt jamg‘armasi” tomonidan ko‘proq texnik-texnologik soha mutaxassislarini, injener va muhandislarni tayyorlashni tashkil qilish topshirig‘i berildi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Prezidentimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida 2 mingga yaqin yoshlarning xorijda zamonaviy bilim va tajribalarni mutlaqo bepul o‘zlashtirib qaytishlariga imkon yaratildi. Yoshlarning xorijda o‘qishlari uchun Jamg‘arma tomonidan 2021-yilda 350 ta, 2022-yilda 480 ta, 2023-yilda 500 ta o‘rin ajratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 2026-yilga borib 700 o‘ringa yetkazish maqsad qilingan.

Bu raqamlar ortida qancha mablag‘ turganini tasavvur qilish uchun BMT statistikasiga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya. So‘nggi bor 2022-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston ta’limga mablag‘ sarflash ko‘rsatkichi bo‘yicha 18 – o‘rinni egallagan. Ya’ni, ta’limga xarajat mamlakatimiz YAIMning 20,5 foizini tashkil qilgan.

Shuni aytish lozimki, dunyo bundan keyin boshqacha “o‘yin qoidalari” bilan rivojlanadi. Harbiy kuch-qudrat, aholi soni, yer osti va yer usti tabiiy boyliklari ahamiyati yo‘qoladi. Asosiy o‘ringa bilim va uning natijasida ishlab chiqarilayotgan texnologiya chiqadi.

Ma’rufjon Jumayev, 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi

mas’ul xodimi. 

O‘zA