Mamlakatimiz sportchilari orasida avvallari xalqaro maydonda jahon yoki qit’a chempionatlarida nom qozongan, dunyo sport ixlosmandlari e’tiborini o‘ziga qarata bilgan xotin-qizlarimiz barmoq bilan sanarli edi.
Fristaylda Lena Cheryazova, badiiy gimnastikada Oksana Chusovitina, tennisda Iroda To‘laganova, tramplinda sakrashda Yekatirina Xilko, yengil atletikada Go‘zal Xubbiyevaga o‘xshagan 4-5 ta sportchilarni xalqimiz bilardi.
Davlatimiz tomonidan xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ular orasidan professional sportchilar safini kengaytirishga berilayotgan alohida e’tibor natijasida keyingi 6-7-yil oralig‘ida ko‘plab sport turlarida jahonning manaman degan kuchli ayol sportchilari hisoblashishga majbur bo‘lgan O‘zbekning o‘nlab “Barchinoy”lari bo‘y ko‘rsatdi. Jahonda O‘zbekistonning ham shahd-u shijoati baland, salohiyati yuqori sportchi qizlari borligini namoyish etdi. Bugun ularni dunyo sporti biladi. Ma’lum bir musobaqalarda ularning ishtirokini, saralash bahslarini kuzatib boradi, o‘rganadi.
Taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Svetlana Osipova, boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova, yengil atletikada Sharifa Davronova, Safina Sa’dullayeva, qilichbozlikda Zaynab Dayibekova, dzyudoda Diyora Keldiyorova, shaxmatda Afro‘za Hamdamova, tennisda Nigina Abduraimova ishtirok etayotgan musobaqalarda raqiblari, ularning murabbiylari yangi texnik-taktik usullarni qo‘llashga harakat qiladi.
Sportchi qizlarimizning har bir mashg‘ulotini, musobaqalarda ishtirokini tahlil etishadi. Buni ular erishayotgan natijalar o‘ziga xosligi bilan o‘zbek xotin-qiz sportchilarining jahon sport maydonidagi salohiyatini ko‘rsatib kelayotganining yaqqol dalili, deyish mumkin.
Ular orasida dzyudo sport turida katta yutuqlarga erishib kelayotgan Diyora Keldiyorovaning alohida o‘rni bor. Har bir sohada va qaysidir yo‘nalishda birinchi bo‘lish katta mas’uliyat yuklashi bilan shukuhli lahzalarni tuhfa etadi. Shu ma’noda, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tavallud topib, katta sportga kirib kelgan Diyora shunday baxtga birinchi bo‘lib erishgan dzyudochi qizlarimizdan biri sanaladi. Hozirda dzyudo sport turida 52 kilogramm vazn toifasida jahon reytingini boshqarib kelayotgan Keldiyorova ilk bor 2013-yili katta sportdagi yutuqni qo‘lga kiritgan.
O‘shanda Diyora Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida 44 kilogrammda bronza medaliga sazovor bo‘lgandi. 2016 va 2018-yillarda dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritgan Keldiyorova Jakartada o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. 2019-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida u turnir finalida mo‘g‘ulistonlik Sosorbaramni mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi.
Italiyada tashkil etilgan yozgi Universiada o‘yinlarida, Xitoyning Uxan shahrida kechgan yozgi xalqaro harbiylar o‘yinlarida bronza medallariga musharraf bo‘lgan Diyora 2021-yili Antaliyada uyushtirilgan “Katta dubulg‘a” turniri finalida ispaniyalik Estrella Lopesni mag‘lub etib, 1-o‘rinni egallashi nafaqat Diyora uchun, balki O‘zbekiston dzyudosi uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Ushbu g‘alaba tufayli Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirda oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek sportchisi, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
“Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, jahon va qit’a chempionatlari g‘olibi va sovrindorligiga erishgan Diyora Keldiyorova ayni kunlarda “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Fransiya poytaxtida o‘tadigan to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida munosib natijaga erishish yo‘lida o‘tkazilayotgan saralash va reyting turnirlarida ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishmoqda.
Jumladan, joriy yilning ilk oylarida “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari o‘ynalgan Portugaliya Gran-prisi va Bokuda o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida oltin medallarga ega chiqqani Diyoraning Fransiya tatamilarida kechadigan Olimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat deyish mumkin.
Hozirda Xalqaro dzyudo federatsiyasi va “Parij-2024” Olimpiadasi reytingida 52 kilogramm vaznda 7984 ochko bilan birinchi o‘rinda borayotgan Diyora Keldiyorova bilan kechgan qisqa suhbatimiz uning sportga qanday kirib kelgani, birinchi murabbiyi, yozgi Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, bunda oilaning o‘rni xususida bo‘ldi. Suhbatning to‘liq tafsilotlari bilan O‘zAning yutub kanali orqali tanishishingiz mumkin.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Abror Sodiqov (video), O‘zA