Ma’lumotlarga ko‘ra, sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarni hisobga qo‘yish va identifikatsiya qilish hamda ularning reestrini yuritishni nazarda tutuvchi elektron platforma ishga tushiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 80-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, sport-ishqibozlik turidagi va sanoat usulida baliq ovlash tartibi, baliq ovlash bilan shug‘ullanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ixtiofauna obyektlaridan foydalanishni nazorat qilish, baliq resurslarini muhofaza qilish va noqonuniy ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan olib qo‘yilgan baliq ovlash qurollari va vositalarini yo‘q qilish, noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlagan baliqchilik xo‘jaligi hamda vakolatli shaxsga pul mukofoti berish kabilarni o‘z ichiga olgan baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi.

Baliq ovlashni taqiqlovchi qoidalar sun’iy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadoq) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutkada 5 kggacha yoki ushbu miqdordan ko‘p bo‘lgan 1 dona baliqni bepul ovlashga ruxsat beriladi. Boshqa holatlarda baliq ovlash ushbu havzalar biriktirilgan subyektlar bilan kelishuv asosida yoki haq to‘lash evaziga ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan suv havzalarida ushbu xo‘jaliklarning yo‘llanmalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Baliqlarning urchish davrida tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash taqiqlanadi.

Baliqlarning urchish davrida, ya’ni Amudaryo va Sirdaryoda 11-martdan 31-maygacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy suv havzalarida 26-apreldan 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.

Sanoat usulida baliq ovlashda yesa baliqchilik xo‘jaligi tegishli hujjatlarga (tabiiy suv havzasi ijara shartnomasi, ruxsatnoma (kvota), baliq ovlashni qayd etish daftari, FVVda ro‘yxatga olingan suzish vositalarining hujjatlari, baliq ovlash vositalarini tamg‘alash va hisobga qo‘yish ma’lumotlaridan ko‘chirmaga ega bo‘lishi lozim. Baliq ovlash sun’iy va o‘simlik tolalaridan tayyorlangan to‘rlarda amalga oshiriladi.

Bugungi lavhamizda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qoshidagi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Mirpo‘lat Hasanov qarorga kiritilgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov (video), O‘zA