Poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” sport saroyida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Katta dubulg‘a” turnirining ikkinchi kungi bahslari va ochilish marosimi dunyodagi ming-minglab mazkur sport turi ixlosmandlari nigohini Toshkentga qaratdi.
“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan turnir bahslari muxlislarga olam-olam zavq bag‘ishlamoqda. Har bir bellashuvni 100 dan ziyod davlatning dzyudo murabbiylari, mutaxassislari sinchkovlik bilan kuzatib, tahlil etib bormoqda. Bu, Toshkent tatamilaridagi musobaqa ne chog‘li ahamiyatli ekanini anglatadi. Zero, yana besh oydan keyin Fransiya poytaxtida boshlanadigan to‘rt yillik o‘yinlarga reyting ochkolari jamg‘arish bilan raqiblarning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganish aynan shunday musobaqalarda amalga oshiriladi.
Ikkinchi kungi bahslarda ayollar 63 va 70 kilogrammda, erkaklar 73 va 81 kilo og‘irlikda medallar uchun kurash olib bordi. Ushbu kungi 4 ta vazndagi bellashuvlarda mamlakatimizning 16 nafar dzyudochisi o‘z omadini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, ularning 3 nafari “Katta dubulg‘a” turnirining saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, medallarga ega chiqish imkoniyatiga yaqin keldi.
Poytaxtimizda Xalqaro dzyudo federatsiyasi vakillari, 68 mamlakatning 500 nafarga yaqin sportchilari, 100 nafarga yaqin murabbiy va mutaxassislar, hakamlar, rasmiy mehmonlar ishtirokida tashkil etilgan “Katta dubulg‘a” turnirining ochilish marosimi barcha qatori mazkur tadbirlarni onlayn tarzda dunyoning turli burchaklarida kuzatib borgan muxlislarga ham dzyudo sportining shodligini, ruhiy ko‘tarinkililigini tortiq etdi. O‘zbekiston sportining keyingi yillardagi yuksalish nuqtalaridan barcha-barchani bahramand qildi.
Marosimda ishtirok etgan Xalqaro dzyudo fedeatsiyasi bosh direktori Vlad Marinesku, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekistn dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov va boshqalar Toshkentda uchinchi bor o‘tayotgan “Katta dubulg‘a” turnirining xalqaro maydondagi ahamiyati, o‘zbek sportining dunyodagi mavqei, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xususida so‘z yuritdi. Toshkent jahon dzyudosining markazlaridan biriga aylanib borayotgani, o‘tayotgan shiddatli bellashuvlar sportchilar uchun “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ham qadrli ekani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha o‘tayotgan xalqaro musobaqalar, ayniqsa, “Katta dubulg‘a” turkumidagi turnirlar yildan yilga yangicha sifatlarni o‘zida mujassam etmoqda. Yurtimizda o‘tgan avvalgi “Katta dubulg‘a” turnirida 49 ta mamlakatning 370 nafarga yaqin sportchisi qatnashgan bo‘lsa, bu galgi turnir 70 ga yaqin mamlakatning 500 ga yaqin sportchisini jamladi.
Ochilish marosimidan keyin har bir vazndagi oltin, kumush, bronza medallari uchun sportchilar o‘rtasidagi qizg‘in bellashuvlarga izn berildi. Aytish lozim, 73 kilogarmmda mamlakatimizning to‘rt nafar mahoratli dzyudochisidan Shahram Ahadov va Obidxon No‘monovning yarim final ostonasigacha yetib kelishi va bronza medaliga da’vogarlik qilishi murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Obidxon No‘monov qozog‘istonlik Daniyar Shamshayev, Shahram Ahadov rossiyalik Mahmadbekov bilan kechgan kurashda bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida 70 kilogrammda bronza medaliga da’vogarlik qilgan hamyurtimiz Gulnoza Matniyazova niderlandiyalik Margit de Vugtga yo‘l bergan tarzda “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkosini qo‘lga kiritish bilan kifoyalandi.
Ikkinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, umum jamoa hisobida Fransiya vakillari 3 ta oltin medal bilan peshqadamlik qilmoqda. 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega o‘zbekistonlik dzyudochilar 2-o‘rinda bormoqda. Hozircha 1 tadan oltin medalli bo‘lgan Italiya, Belgiya, Germaniya terma jamoalari keyingi o‘rinlarni band etgan.
Xalqaro turnirning so‘nggi uchinchi kunida erkaklar 90, 100, +100 kilogrammda, ayollar 78 va +78 kilogramm og‘irlikdagi bahslarda tatamiga chiqadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin(surat), O‘zA.