Shu kunlarda mamlakatimiz sportchilari oldinda turgan nufuzli musobaqalar va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Davlatimiz rahbarining “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni tizimli, yangicha asosda yo‘lga qo‘yishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarorda oldinda turgan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan barcha jihatlar belgilab berilgan. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida sportchilarning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Shu bilan birga, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoalariga yangi iste’dodlarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugun sportda yuqori natijaga erishish uchun jismoniy kuch va texnik tayyorgarlik bilan birga yuksak ma’naviy fazilatlar, aql va ruhiy tayyorgarlik ham juda muhim. Aytaylik, katta maydonga endi qadam qo‘ygan yosh sportchi tajribali raqibga ro‘baro‘ kelsa, “kuchim yetarmikan” deya hadiksirashi tabiiy. Oqibatda bahsdan oldin ruhan mag‘lubiyatini tan olib qo‘yishi ham mumkin. Bunday holatlarning oldini olishda malakali murabbiylar, tibbiyot mutaxassislari va psixologlar hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Ular sportchilarning irodasini mustahkamlashi, g‘alabaga intilishini kuchaytirishi, turli doping vositalari haqidagi bilimini yuksaltirishi lozim.
Hozir mamlakatimizda barcha sport turlari qatori boks bilan shug‘ullanayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida boks to‘garaklaridan yetishib chiqayotgan yosh iste’dodlarning natijalari tahsinga loyiq.
Bahodir Jalolov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Isroil Madrimov, Lazizbek Mullajonov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Fazliddin G‘oyibnazarov kabi bir qator tajribali bokschilarimiz havaskor va professional boksda, qit’a va jahon chempionatlarida, Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lmoqda.
Ushbu iqtidorli charm qo‘lqop ustalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish sportdagi yutuqlarning muhim omilidir. Shu sababli ham bugun dunyo boksida o‘zbek o‘g‘lonlari yorqin g‘alabalari bilan o‘chmas iz qoldirmoqda.
Hozirda ana shunday muvaffaqiyatlarni davom ettirayotgan bokschilarimizdan biri Abdumalik Xalakovdir.
Abdumalik 2000-yilning 9-aprel kuni Buxoroda tavallud topgan. U dastlab 7 yoshida sport gimnastikasining akrobatika yo‘nalishida ikki yil davomida shug‘ullanadi. To‘qqiz yoshida esa dastlab sport kurashlari va boks to‘garaklariga boradi. Otasi Anvar aka o‘zi bokschi bo‘lgani bois o‘g‘liga mazkur sport turi bilan jiddiy shug‘ullanishini maslahat beradi. Yosh sportchimiz otasining bu taklifiga qarshilik ko‘rsatmaydi hamda ilk murabbiyi Hamid Rahmatov qo‘l ostida boksning sir-asrorlarini o‘rganadi.
Mahalliy musobaqalarda ishtirok etib, xato va kamchiliklar ustida ishlab, mashg‘ulotlarga zo‘r bergan Abdumalik 2012 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatining 48 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tariladi va kumush medalni qo‘lga kiritgan holda yoshlar terma jamoasi safiga kiradi. Oradan bir yil o‘tib esa O‘zbekiston chempioniga aylanadi. Asta-sekin o‘z mahoratini oshirib borgan bokschimiz Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro turnirda kumush medal sohibiga aylanadi va shundan so‘ng xalqaro miqyosda o‘zini ko‘rsata boshlaydi.
Tailandda 2017-yili yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egallaydi. 2018-yili Tailandning Bangkok shahrida tashkil etilgan qit’a chempionatida oltin medal sohibiga aylanadi. Shuningdek, shu yili Vengriya mezbonligida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egallaydi. Argentinaning Buenos-Ayres shahrida o‘tgan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqasida vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida A.Xalakov finalda ukrainalik Maksim Galinichevni 5:0 hisobida taslim etadi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bokschimiz 2021-yil BAAda kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida bronza, Serbiyada o‘tgan jahon chempionatida kumush medal bilan yurtimizga qaytadi. Abdumalik uchun 2022-yil ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu yilda u Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan “Stranja” xalqaro turnirida g‘olib bo‘ldi. Iordaniyada o‘tgan Osiyo chempionatida barcha raqiblarini yengib, o‘z medallariga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
O‘tgan 2023-yil Abdumalik uchun katta yutuqlarga boy o‘tdi. Dastlab, poytaxtimizda o‘tkazilgan jahon chempionatida 57 kilogramm vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Xitoyning Xanchjou shahrida tashkil etilgan Osiyo o‘yinlarida oltin medalga ega chiqdi. Shuningdek, u mazkur g‘alabasi natijasida joriy yil Parij shahrida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritadi. Havaskor boksda ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan Abdumalik Xalakov 2023 yilning noyabr oyida professional boksda ilk jangini o‘tkazdi va unda g‘alaba qozondi.
– Bugungi kunga qadar erishgan barcha g‘alabalarim zamirida ota-onam duosi va murabbiylarimning xizmati yotibdi, – deydi Abdumalik Xalakov. Hozirda murabbiyim Davron G‘ofurov bilan oldinda turgan nufuzli musobaqalarga va eng muhimi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlanyapmiz. Shu o‘rinda bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘taman. Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashiga biz sportchilar ulkan yutuqlarimiz ila javob qaytaramiz.
Ha, Olimpiya o‘yinlaridek yirik sport anjumanlarida g‘alaba qozonish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun har bir olimpiyachiga doimiy e’tibor, tinch va osoyishta turmush, zamonaviy shart-sharoitda puxta tayyorgarlik hamda malakali murabbiylar ko‘magi kerak. Ozod va obod O‘zbekistonimizda bu omillarning barchasi mavjudligi sportchilarimizning Olimp cho‘qqisini zabt etishiga katta umid va ishonch bag‘ishlaydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA