Bugun, 1-martdan e’tiboran dunyo dzyudo ixlosmandlarining nigohi poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” sport majmuasida boshlanayotgan “Katta dubulg‘a” turniriga qaratilmoqda.

68 davlatning 500 ga yaqin dzyudochilari mazkur nufuzli musobaqada g‘oliblik uchun kurash olib borishi bilan birga “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritishga harakat qiladi.

Kecha “Katta dubulg‘a” turniri oldidan bir qator texnik komissiyalarning yig‘ilishlari o‘tkazildi. Barcha vazn toifalari bo‘yicha qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.

Xo‘sh, mamlakatimizning yetakchi dzyudochilari Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov qur’a natijasiga ko‘ra, qaysi davlat bilan ilk bahslarni o‘tkazadi? Toshkent tatamisidagi bahslarda mahoratli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova nega ishtirok etmayapti? Xalqaro musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir davlat bitta vaznda eng ko‘pi bilan 2 nafar sportchi bilan ishtirok etishi belgilangan bir paytda yurtimiz sportchilari necha nafar sportchi bilan bellashuvlarda ishtirok etadi?

Nufuzli musobaqaning O‘zbekiston mezbonligida tashkil etilayotgani sababli yurtimiz terma jamoasi a’zolariga har bir vaznda 4 nafar sportchi bilan qatnashishga izn berilgani sababli “Katta dubulg‘a”ning shiddatli bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasining 28 nafar erkak, 25 nafar ayol dzyudochisi medallar va reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, Tokio olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Davlat Bobonov 90 kilogramm vazndagi ilk bellashuvda qirg‘izistonlik A.Ishenbayevga ro‘baro‘ keladi. 100 kilogramm vaznda yurtimiz sharafini himoya qiladigan jahon chempioni Muzaffarbek To‘raboyev turkmanistonlik B.Majanov bilan, hozirda +100 kilogrammm og‘irlikda xalqaro maydonda kuchlilar safida qayd etib kelinayotgan mahoratli dzyudochimiz Alisher Yusupov dastlabki bahsni qozog‘istonlik G.Kunkibay va qirg‘izistonlik Juldashkaziyev qarama-qarshiligining g‘olibi bilan olib boradi.

Bir qator nufuzli musobaqalar g‘olibi bo‘lgan iste’dodli dzyudochimiz Diyora Keldiyorovaning Toshkent bellashuvlarida ishtirok etmayotganini murabbiylar o‘tgan xalqaro turnirlardan keyin bir oz tiklanishga ruxsat berilgani hamda uning izdoshlari bo‘lgan yosh sportchilarga o‘z iqtidorini ko‘rsatish uchun imkoniyat taqdim etilgani bilan izohlashdi.

Bugun, 1-mart kuni xalqaro turnir musobaqalarida erkaklar 60 va 66 kilogrammda, ayollar 48, 52, 57 kilogramm og‘irlikda kurashga kirishadi. Terma jamoamiz a’zolaridan 60 kilogrammda Dilshodbek Baratov Doston Ro‘ziyev, Kamoliddin Baxtiyorov, Bahrom Boturov, 66 kilogrammda Muhriddin Tilovov, Sardor Nurillayev, Abdurahim Nutfulloyev, Bobur Vadjiyev medallar uchun kurash olib borsa, dzyudochi qizlarimizdan Halimajon Qurbonova, Fotimaxon Tursunboyeva, Ulbusin Hakimova Laziza Haydarova 48 kilogrammda, Sita Kadambayeva, Muhayyo Ahmatova va Gulhayo Jo‘rayeva 52 kilogrammda, 57 kilogramm og‘irlikda Shukurjon Aminova, Nilufar Yermaganbetova, Farangiz Maksetbayeva, Yulyana Rejepova g‘oliblik uchun da’vogarlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 3-martga qadar davom etadigan “Katta dublg‘a” turnirida 1-7-o‘rinlarni egallagan dzyudochilarga Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan zarur reyting ochkolari taqdim etiladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA