Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent amaliy fanlar universiteti Pedagogika fakulteti Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va metodikasi kafedrasi bilan birgalikda “Ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosi – milliy ta’lim-tarbiya asosi” mavzusida respublika anjumani tashkil etildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan ma’naviy-ma’rifiy yangilanish jarayonlarida jadid bobolarimizning faoliyati, ularning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish masalasiga katta ahamiyat qaratilmoqda.

“Tilda, fikrda, ishda birlik”, degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimizning bosib o‘tgan shonli, ayni damda mashaqqatlar va sinovlarga, zahmatlarga to‘la hayot yo‘li xalqimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqishi, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishni asosiy maqsad etgani bilan ahamiyatlidir. Bilim va ma’rifatda, dunyoviy fan-texnika sirlarini egallashda, xususan, millat oydinlari yaratgan asarlarini o‘rganish, bu asarlarning amaliy ahamiyatini anglash, mazmun-mohiyatini, ma’naviy-ma’rifiy ta’limotini hayotga tatbiq etish yangi O‘zbekiston vorislari uchun dolzarb ekaniga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’rifatparvarlarimiz doimo ta’lim- tarbiyaga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari naqadar haqiqat ekanligini bugun zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Taraqqiyparvar bobolarimiz shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Darsliklar, ma’rifiy adabiyotlar, gazeta va jurnallar chop etdilar. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yubordilar.

– Davlatimiz rahbari 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat sohasidagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarni belgilab berdi, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Muhammadjon Quronov. – Mazkur yig‘ilishda “Milliy vaksina”, “Ma’naviyat sektori” kabi tushunchalar bilan birga yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, ular qalbi va ongida ezgu g‘oyalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu borada jadid bobolarimizning merosi, hayotiy g‘oyalari muhim dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.

– Jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy hayotning, yangicha tafakkurning ta’siri doim katta bo‘lgan, – dedi qozog‘istonlik olim Yormuhammad Madaliyev. – O‘tgan asr boshidagi milliy uyg‘onish jarayoni, jadidlar harakati o‘zbek adabiyotiga yangicha taraqqiyot tendensiyalarining yuzaga kelishiga asos soldi. She’riyat, nasrning mohiyati yangilandi. Abay Qo‘nonboyev, Mustafo Cho‘qay, Muxtor Avezov singari qozoq taraqqiyparvarlarining qarashlari, orzu-intilishlari o‘zbek ma’rifatparvarlarining g‘oyalariga hamohang bo‘lgan. Jadid bobolar merosini mukammal o‘rganish bugungi kunning dolzarb muammolarini hal etishda ham alohida ahamiyat kasb etadi.

– Jadid bobolarimiz Vatan, millat manfaati yo‘lida dadil kurash olib bordilar, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov. – Holbuki, ular o‘ta murakkab bir zamonda – mustamlaka zulmi avj olgan davrda o‘z g‘oyalarini ilgari suribgina qolmay, millatni yorug‘ yo‘lga olib chiqish uchun kurash olib borganlar. Bu jihatlar Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning maktablarda diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlar berish, yoshlarning bir emas, bir necha xorijiy tillarni puxta egallashi zarurligi haqidagi fikrlari, taraqqiyotga erishmoq uchun zamonaviy bilimlarni egallash bilan birga ertangi kun, yurtning istiqboli haqida qayg‘urmoq kerakligi haqidagi qarashlari Behbudiyning o‘z zamonasidan bir necha qadam ilgarilab ketgan shaxs bo‘lganini ko‘rsatadi.

Konferensiyada jadidlar hayoti, faoliyatini o‘rganish yosh avlod tarbiyasida muhim ekanligi, yetuk va yosh olimlar orasida jadidlar hayoti va ijodiy faoliyatini tahlil qilishning ilmiy, nazariy va amaliy tajribalarining tadqiq qilinishi, sohaga qiziquvchi talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga tizimli jalb etish, usulijadid maktablari va zamonaviy o‘qitish tizimidagi o‘xshash, farqli jihatlarni qiyosiy tahlil qilish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA