Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni Andijon viloyatining Xonobod shahriga kelib, aholi hayoti bilan tanishdi.

Xonobod mamlakatimizning eng sharqiy hududi. Chegarada joylashgani sababli ilgari yopiq shahar edi. Oxirgi yillardagi o‘zgarishlar, yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida Xonobod ochildi, uning iqtisodiyoti ancha sog‘lomlashdi, aholi turmush darajasi osha boshladi. Bugun bu yerda turizm, sanoat, meva-sabzavotchilik va xizmatlar rivojlanmoqda.

Yangi hayot mahallasi faollari davlatimiz rahbariga odamlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berdi.

Bu mahallada 3 ming 500 dan ortiq aholi yashaydi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va kollejlarda sifatli ta’lim uchun sharoitlar bor. Tog‘ yonbag‘ridagi dam olish maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari va tomorqa xo‘jaliklarida aholi ish bilan band.

Bundan tashqari, o‘ndan ortiq uy mehmonxonasi, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilda mahalladagi yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana 181 fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat «mahalla yettiligi» tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizim vakillari bilan suhbatlashdi.

– Biz birinchi kundan xalq bilan muloqot, xalqni rozi qilishga kirishganmiz. Shuning uchun mahalla tizimini birinchi bo‘g‘in sifatida rivojlantirayapmiz. Mahalla – fuqarolik jamiyatining asosi. Bu xalqning dardi, ovozi, degani. Mahalladagi davlat vakillari berilgan vakolat va mablag‘lardan foydalanib, dunyoqarashini o‘zgartirib, odamlarni rozi qilishi kerak. Ishonamanki, Yangi hayot mahallasi O‘zbekistonga namuna bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident mahalla guzari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirdi.