Bugun, 13 fevral kuni 800 metrga erkin usulda suzish dasturining saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ilya Sibirsev ishtirok etdi.
Shiddatli kechgan poygalar natijasiga ko‘ra, hamyurtimiz marra chizig‘ini 7:53:87 daqiqada bosib o‘tdi va mazkur masofada O‘zbekistonning yangi rekordini o‘rnatdi.
Biroq mukofot jamg‘armasi 5,6 million AQSH dollaridan iborat chempionatning ushbu dasturidagi natijalar sarhisobiga ko‘ra, sportchimiz ko‘rsatgan vaqt jahon chempionatining final yo‘llanmasiga chiqish imkonini bermadi.
Ikki kun oldin 400 metrga kechgan bahslarda ham Ilya 3:50:9 vaqt bilan yangi milliy rekord egasiga aylangandi. Endi 16 fevral kuni terma jamoamizning yana bir a’zosi Eldorbek Usmonov batterflyay usulda suzish dasturida o‘z omadini sinab ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, bundan uch kun muqaddam jahon chempionatining suvga sakrash dasturida yurtimiz sharafini himoya qilgan Igor Myalin kuchlilar qatoridan joy olib, “Parij-2024″ Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqqandi.
Jahon chempionati 18 fevralda yakunlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA