94a345ea-94e2-45da-b0c8-0f4cbeb22178.jpg
 
Nukus shahrida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan sport festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda o‘zbek futboli namoyondalari va taniqli estrada vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti U. Ahmadjonov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M. Yerniyazov yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi.
ae10cbd1-0086-478b-8f19-fcc95bf2ffae.jpg
– Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ilk marotaba maktabgacha ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda ish boshlamoqda, – dedi Umid Ahmadjonov. – Avvallari bunaqasi kuzatilmagan. Mana, bugun bir qator tadbirlarda ishtirok etib, maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilariga Prezidentimiz sovg‘alarini topshirdik. Asosiy maqsadimiz, ularda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish. Umid qilamizki, kelajakda ulardan kuchli sportchilar yetishib chiqadi. Kim biladi, balki bugun biz bo‘lajak futbol yulduzlari bilan bir safda turgandirmiz.
O‘zbekiston U-16 va Qoraqalpog‘iston terma jamoasi maydonga tushib asosiy tadbirni boshlab berdi. Murosasiz kechgan o‘yinda 0-0 hisobi qayd etildi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda 1-1 hisobi qayd etildi.
Sport festivali san’atkorlarning konsert dasturi bilan davom etdi. Tadbir yakunida katta ekranda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA