Sportchilarimiz yorug‘ yuz bilan qaytib keldi

Belarus Respublikasining Minsk shahrida qo‘l jangi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Yevropa ochiq chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 oltin, 3 kumush va 6 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida g‘olib sportchilarimiz tantanali kutib olindi.
Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pirovardida, O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida ham munosib tanildi.
13 (1).jpg
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida qo‘l jangi yoshlarimizning eng sevimli sport turiga aylandi va ular nufuzli musobaqalarda yaxshi natijalarga erishmoqda.
Qo‘l jangi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Yevropa ochiq chempionatida 26 mamlakatdan 200 sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Vazni 60 kilogramm bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Shahboz Tursunov, 65 kilogramm vazn toifasida Olimjon Normurodov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Zarina Olimjonova, Madina Ergasheva hamda Jahongir Jumayev kumush medal bilan taqdirlandi.
7.jpg
Otabek Bobojonov, Muhiddin Mamajonov, Guljahon Normatova, Maftuna Quvondiqova, Shahnoza Nizomova, Robiya Qo‘chkorovalar bronza medal sohibiga aylandi.
– Davlatimiz madhiyasi yangrab, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketdim, – deydi chempionat g‘olibi Sh.Tursunov. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir. Galdagi vazifamiz kuzda bo‘ladigan jahon birinchiligi va jahon kubogiga tayyorgarlik ko‘rish va yana zafar qozonish.

 

Javohir Toshxo‘jayev, Муҳаммад Амин (сурат) O‘zA