Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo – 2018” XIII xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkasi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo – 2018” VII xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ish boshladi.
Mazkur ko‘rgazmalar qishloq xo‘jalik texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va servis xizmati ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda mashina-traktor parklarini zamonaviy texnikalar bilan qayta jihozlashga keng yo‘l ochadi.
Ko‘rgazmalarda 110 dan ortiq mahalliy korxona, shuningdek, AQSH, Germaniya, Italiya, Turkiya, Niderlandiya, Isroil, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina singari mamlakatlarning 70 dan ortiq yirik kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma bo‘limlarida agrosanoat kompleksi uchun keng ko‘lamdagi texnologiyalar, mexanizm va uskunalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, fermer xo‘jaliklari uchun modernizatsiya qilingan issiqxonalar, sovutish uskunalari va shu turdagi texnikalar taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda.
– Issiqxona daromadli soha, – deydi “MЕXMASH” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Inomov. – 2010 yilda Namangan shahrida ish boshlagan kompaniyamizda arzon narxlardagi issiqxona konstruksiyalari ishlab chiqariladi. Tomorqalar, fermer xo‘jaliklariga limon va ko‘chat yetishtirish uchun ishlab chiqilayotgan maxsus issiqxona komplekslari sifati, chidamliligi, hamyonbopligi bilan xorijnikidan qolishmaydi.
Ochiq maydonda paxta terimi uchun mashinalar, kombaynlar, bog‘dorchilik traktorlari, o‘simliklar uchun purkov texnikalari, chopiq uskunalari va boshqa texnika vositalari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma davomida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish texnologiyalari bilan yaqindan tanishishi mumkin. Shu bilan birga, xorijiy korxonalarning ko‘rgazma mavzulariga oid bo‘limlar bo‘yicha seminar va taqdimotlari ham bo‘lib o‘tadi.
Ushbu ko‘rgazmalar fermerlar, ishlab chiqaruvchilar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quruq va ho‘l meva-sabzavot eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun ajoyib biznes maydoni bo‘la oladi.
Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov so‘zga chiqdi.