Bugungi kunda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan yaqin aloqalar o‘rnatilmoqda. Bu nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki iqtisodiy-investitsiyaviy yo‘nalishlarda ham o‘z aksini topmoqda.

Xususan, bunday hamkorlik iqtisodiyotning eng asosiy drayverlaridan biri – qurilish materiallari yo‘nalishida ham yanada mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Bahrom Allabergenov O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasida qurilish materiallari sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari xususida to‘xtalib o‘tdi:

– Albatta, soha ravnaqida xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar qurilish sohasida qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda keng imkoniyat yaratib bermoqda.

Birgina 2023 yilda ikki davlat o‘rtasida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 58 ta loyiha doirasida 978,6 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu – gulqog‘oz, keramik plitka, tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlash, gipsokarton listlari hamda armatura kabi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalardir.

Xususan, Sirdaryo viloyatida “Hongrun wallpaper production” MCHJ QK tomonidan 5 million dollar hisobiga yiliga 1 million rulon gulqog‘oz ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirildi. Farg‘ona viloyatida esa 30 million dollar hisobiga yiliga 30 million kvadrat metr gipsokarton va metall profillar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “BNBM Building Materials Sentral Asia“ MCHJ XK foydalanishga topshirildi. Navoiy viloyati “TIANCNENG STONE“ MCHJ XK tomonidan 15 million dollar hisobiga 100 ming metr kub granit toshlarni qazib olish va qayta ishlash tashkil etildi.

Galdagi rejalarga kelsak, 2024 yilda Xitoy investitsiyasi ishtirokida 76 ta loyiha 2,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi belgilangan. O‘zlashtirilishi kutilayotgan investitsiyalar bazalt toshidan issiqlik saqlovchi materiallar, gazobeton bloklari, armatura, keramik plitkalar va sanitar-texnik buyumlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Toshkent shahrida “Accord vision“ MCHJ tomonidan 6 million dollar hisobiga yiliga 500 ming dona santexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Toshkent viloyatida esa “Hua tao ceramic group“ MCHJ XK tomonidan yiliga 3,6 million kvadrat metr keramik plitkalar ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ”Karakalpak basaltwool“ MCHJ tomonidan 58,2 million dollar hisobiga yiliga 30 ming tonna bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan.

Albatta, bunday manfaatli aloqalarning mustahkamlanib borishi ikki davlat rahbarlarining uzoqni ko‘ra oladigan siyosati va bir-biriga bo‘lgan do‘stona ishonchiga bog‘liqdir.

Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi bilan boradi. Unda tomonlar o‘rtasida uchrashuvlar ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi