Agar sizning shaxsiy profilingizni buzib kirishgan bo‘lsa, telegramingiz o‘chib qoladi. Boshqatdan telegram ochganingizda sizning profilingizdan gruppalarga, kontaktlaringizga noma’lum fayl yuborilgan bo‘ladi. Faylga “shu dasturni yuklab olsangiz sizga 1 500 000 so‘m pul o‘tqazib berishadi”, kabi izohlar yozilgan bo‘ladi.

Sodda odamlar faylni ochadi, undagi havolaga kiradi. Havolada karta ma’lumotlaringizni kiritishingiz kerak bo‘ladi. Ba’zilar kartaga tegishli shaxsiy ma’lumotlarini kiritishadi, soddaligidan hatto telefoniga kelgan KOD raqamlarini ham kiritadi. Bu esa o‘sha zahotiyoq firibgarlarning kartangizdagi bor pullaringizni yechib olishlariga turtki bo‘ladi.

Agar kartangizda pul yo‘q bo‘lsa, firibgarlar mablag‘ tushadigan paytni kutadi. Shu bois, plastik kartangiz ma’lumotlarini bilmasdan notanish havolaga kiritgan bo‘lsangiz, darhol bankka murojaat qilib, kartani bloklashingizga to‘g‘ri keladi. Tanishingiz va yaqinlarizdan telegram orqali keladigan fayllarni yuklab olishga shoshilmang va zinhor telefon raqamingizga kelgan sms kodlar yoki boshqa shaxsiy raqamlarni shubhali joylarga kiritmang. Firibgarlarning iziga telegram orqali tushib bo‘lmaydi. Faqat karta o‘tkazmalari orqali ularni topish mumkin xolos. Agar shu kabi holatga duch kelsangiz albatta, ichki ishlar vazirligining kiberjinoyatga qarshi kurashish bo‘limiga yoki “102” raqamlariga murojaat qiling.

Mohichehra Eshmirzayeva, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA