Vyetnamning Xoshimin shahrida bo‘lib o‘tgan taekvondo WTF bo‘icha Osiyo chempionatida vakillarimiz ikkita oltin, bitta kumush va beshta bronza medalni qo‘lga kiritgan holda faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi.
Musobaqaning birinchi kunidayoq 74 kg. vaznda Nikita Rafalovich barcha raqiblarini yengib, oltin medal bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik. Navbatdagi kunlar ham vakillarimiz uchun medalsiz o‘tmadi. 67 kg.lilar o‘rtasidagi bahslarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan hamyurtimiz Nigora Tursunqulovaning ko‘ksini ham oltin medal bezatdi. Taekvondo bo‘yicha jahonda yetakchilardan hisoblangan Jasur Boyqo‘ziyevning (87 kg.) faqat hal qiluvchi bahsda omadi chopmadi va kumush medal bilan kifoyalandi.
Madina Mannopova (46 kg.), Niyozbek Po‘latov (58 kg.), Sardor Toirov (63 kg.), Maksim Rafalovich (80 kg.) kabi sportchilarimiz shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishdi. Turnirning so‘nggi kunida Dmitriy Shokin (87 kg.) bronza medali sohibiga aylandi.
Yakunda 34 mamlakatdan 564 nafar sportchi ishtirok etgan qit’a birinchiligida o‘zbekistonlik taekvondochilar jami 8ta medal qo‘lga kiritishdi va umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallashdi.
Oybek Yunusov