2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida Ombudsmanga qiynoqlarning oldini olish maqsadida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shu asosda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari a’zolari mamlakatimizdagi barcha jazoni ijro etish hamda boshqa turdagi yopiq muassasalarda muntazam monitoringlar amalga oshirmoqda. Aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ham ko‘rilmoqda.

Joriy yildagi ilk monitoring tashrifi Navoiy shahrida joylashgan 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga amalga oshirildi.

Jamoatchilik guruhlari a’zolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati va “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raislari ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida mahkumlar bilan suhbatlashildi. Koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Mahkumlarning yotoq joylari ko‘zdan kechirilganda, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashildi.

Suhbat davomida D.Tajimuratov koloniyadagi sharoitlar Ombudsman tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring tashriflari natijasida yaxshilanib borayotganini, oziq-ovqat ta’minoti yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari mavjud emasligi, tibbiy yordam kerak bo‘lganda vaqtida yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.

Koloniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatlarga va amalga oshirilgan o‘rganishlarga ko‘ra, D.Tajimuratov qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini o‘tamoqda. Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari ta’minlamoqda va ushbu kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar o‘rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o‘tkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o‘tildi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman axborot xizmatiga ko‘ra, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

 

N.Abduraimova, O‘zA