Bu ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berib, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilishiga zamin yaratdi.

2023 yil 25 dekabrda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Shu asosda 2024 yil 1 yanvardan boshlab tumanlararo sudlar tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etildi. Bu amalda qanday samara beradi?  

O‘zA muxbiri Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bobir Islomov bilan shu haqda suhbatlashdi.

– Qonun sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etishga qaratilgan. Qonunchilikka har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatilishini, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, sudning ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etildi. Ya’ni, yuqorida nomi keltirilgan qonunga asosan, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan birinchi bosqichda ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berildi.

– Bunday tartibning o‘rnatilishi amalda qanday natija beradi?  

– Bu tartib orqali sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelish orqali sud qarorlari barqarorligini ta’minlab, fuqarolar va yuridik shaxslar sarson bo‘lishining oldi olinadi. Chunki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo va kamchiliklarning aniq yechimiga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yaratildi.

Sud hal qiluv qarorlari va ajrimlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish shikoyat va bildirilgan protest asosida quyi sud chiqargan hal qiluv qarorlari, ajrimlarining ularga qo‘yiladigan talablarga javob berishini tekshirishga qaratilgan yuqori sudda ish yuritish (sud muhokamasi) jarayoni hisoblanadi.

Qayd etilganidek, fuqarolik sud ishlarini yuritishda ishlar odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, qonun va sud oldida tenglik, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi kabi prinsiplar asosida amalga oshiriladi.

– Odil sudlovga erishish imkoniyati qanchalik kengaydi?  

– Qonun bilan odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Bunda birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi. Sud ishidan yana norozi bo‘lingan taqdirda, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atida qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasining joriy etilishi kelgusida manfaatdor shaxslar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat keltirish imkonini beradi.

Masalan, suddagi bir taraf o‘zi qatnashgan ish bo‘yicha qabul qilingan sud hal qiluv qarori yoki ajrimidan qonuniy kuchga kirganidan keyin qaysidir holatga ko‘ra norozi bo‘lib qolishi mumkin. Ushbu holatda shaxs apellyatsiya shikoyati berish muddatini o‘tkazib yuborgan bo‘ladi, ammo unda shikoyat keltirishda protsessual huquqidan foydalangan holda kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi mavjud bo‘ladi.

Fuqarolik ishini apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rish – sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish huquqini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, apellyatsiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.

Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida berilishi mumkin.

Taftish instansiyasi birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimlari ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra,  hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga; hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni to‘liq yoxud qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilishga; hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman o‘zgartirishga; Fuqarolik protsessual kodeksining 372-2-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 372-4-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga; hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ushbu kodeksda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni to‘liq yoki qisman tugatishga; ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga haqli.

Taftish instansiyasi sudining ajrimida, qarorida bayon qilingan ko‘rsatmalar mazkur ishni yangidan ko‘rayotgan sud uchun majburiydir.

Taftish instansiyasi sudi u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi to‘g‘risidagi, ayrim dalillarning boshqalaridan ustunligi haqidagi, ish yangidan ko‘rilgan taqdirda qanday qaror chiqarilishi kerakligi to‘g‘risidagi masalalarni oldindan hal qilib qo‘yishga haqli emas.

Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta mas’uliyat yuklanib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilingani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga ishonchini mustahkamlaydi.

Qabul qilingan qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytarishga, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilishiga hamda xalqning sudlarga bo‘lgan ishonchi yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

O‘zA muxbiri  

Norgul Abduraimva  

suhbatlashdi