Ularni kamaytirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun haydovchilarning javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda, xizmatdagi organ xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan video va boshqa tasvirlarni tarqatganlik uchun jazo belgilanmoqda.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida muhokama qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Mazkur qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov bilan qonunning eng muhim jihatlari haqida suhbatlashdik.

– Mazkur qonun Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilishi jarayonida aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, – deydi Q.Burxonov. – Qayd etish lozimki, sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetayotgani hech kimga sir emas.

2021 yilda 10 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 2 ming 426 nafar inson halok bo‘lgan, 9 ming 230 nafar inson tan jarohati olgan. 2022 yilda esa 9 ming 902 yo‘l-transport hodisasi sodir etilishi oqibatida 2 ming 356 nafar inson halok bo‘lgan va 9 ming 606 nafar inson tan jarohati olgan.

2023 yilning 11 oyida 8 ming 693 YTH sodir etilib, ularda 2 ming 80 nafar inson halok bo‘lgan va 8 ming 55 nafar inson tan jarohati olgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarliklarni mensimaslik bo‘lsa, ikkinchidan ularning amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bilan birga fuqarolarimizning hayoti va sog‘lig‘ini asrab qolish har birimizning burchimizdir.

O‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun amaldagi qonun hujjatlarida ta’sir ko‘rsatuvchi omillar mavjud emasligi va bu bilan jazo muqarrarligi ta’minlanmagani yo‘l-transport hodisalari ko‘payishining asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.

Bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solish maqsadida mazkur qonun Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

– Qonun bilan qaysi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda?    

– Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Qayd etish lozimki, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2020 yilda 25 ming 35 ta, 2021 yilda 40 ming 542 ta, 2022 yilda 47 ming 365 ta va 2023 yilda 41 ming 866 ta huquqbuzarlik aniqlangan.

Achinarlisi, faqatgina 2023 yilda qariyb 6 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqargani aniqlangan.

Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020-2023 yillarda qariyb 500 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida ushbu davrda 271 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

– Haydovchilarning madaniyati ham yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda juda muhim. Bu borada qanday yangiliklar kutilmoqda?  

– Haqiqatan ham shunday. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Ta’kidlash lozimki, 2023 yilda faqatgina foto va video qurilmalari yordamida qariyb 13 millionga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan bo‘lsa, ularning 3 million 350 mingtasi bitta transport vositasi haydovchisi tomonidan 4 tagacha, qariyb 3 millionga yaqini esa 5 tadan 10 tagacha, 1 million 700 mingtasi 11 tadan 20 tagacha, 187 mingtasi 31 tadan 40 tagacha, 87 mingtasi 51 tadan 100 tagacha, e’tibor bering 18 mingtasi 100 tadan ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligini sodir etgan.

Birgina misol, 2023 yil 13 dekabr kuni “Samarqand-G‘uzor” avtomobil yo‘lining 133 km.da Qamashi tumani “Paxtaobod” MFY hududida harakatlangan, 1993 yilda tug‘ilgan, 6 yil haydovchilik stajiga ega bo‘lgan haydovchi “Lasetti” avtotransport vositasini yuqori tezlikda boshqarib ketayotib, “ISUZU” rusumli transport vositasining orqa qismiga borib urilib, YTH sodir etgan.

Oqibatda 4 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 1 nafar fuqaro “bosh miya og‘ir jarohati, bosh miya komasi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Lasetti” avtotransport vositasi haydovchisining oxirgi bir yil davomida sodir etgan qoidabuzarligi o‘rganib chiqilganda, ushbu fuqaro tomonidan bir yil davomida 72 ta qoidabuzarlik sodir etgani aniqlandi.

Shu bois, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, haydovchiga bir yil davomida 12 va undan ortiq ball hisoblansa, transport vositasini boshqarish huquqidan sud tartibida 3 yilgacha mahrum qilish jazosi hamda qoida buzmagan haydovchilarga hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali (bunda 1 yil davomida qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchiga birinchi hisoblanadigan jarima ballni inobatga olmaslik hamda 6 oy davomida qoidabuzarlik sodir etmagan huquqbuzarga belgilangan jarima ballidan 2 jarima ballini ayirib tashlash yo‘li bilan) rag‘batlantirish choralari qo‘llash tartibi (Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan) belgilanmoqda.

– Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmog‘ida joylashtirish uchun jazo belgilanishi qanday natija berdi?  

– Bunday harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Mazkur norma yuqorida qayd etganimdek aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu bois, qonunni batafsil muhokama qilish maqsadida qo‘mitamizning ekspertlaridan tashqari IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, TDYUU kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilarini hamda qonun ijodkorlari – IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rahbar xodimlarini taklif qilganmiz.

Qayd etish lozimki, ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganligi, qoidabuzarlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish uchun qarshilik ko‘rsatib tasvirga olinganligi, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.

Ta’kidlash lozimki, videotasvirlarni o‘rganishga 2-3 kunlab, ayrimlari uchun esa bir haftalab vaqt sarflanadi. Bu kabi holatlar esa xodimlarning xalq orasida obro‘sizlanishiga olib kelmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajribalar o‘rganilganda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkin.

Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarda xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan.

Mazkur qonunga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va internetda chop etish taqiqlangan.

Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda.

Zero, soha vakillarining xizmat vazifalari davomidagi harakatlari – tartib-intizomni saqlash, qonun talablariga rioya qilinishini ta’minlashdan iborat.

 

O‘zA muxbiri  

Norgul Abduraimova  

suhbatlashdi