Dori vositalari odamlar dardiga darmon bo‘lishi uchun ishlab chiqariladi. Biroq dori darmon bo‘lish o‘rniga zahri qotilga aylansa, har qanday kishini gangitib qo‘yadi.

Bunday vaziyatda “nega?” degan savollarning keti uzilmasligi tabiiy. Axir dori vositalarini tekshirib, sinovdan o‘tkazib, xalqqa taqdim etuvchi bir necha tashkilot, o‘nlab tuzilmalar, yuzlab xodimlar bor.

Biroq Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” va boshqa dori vositalarining sinovdan o‘tkazilmagan katta qismi dorixonalarga chiqib ketishi oqibatida qancha jajji qorako‘zlarning yostig‘i quridi. Qancha ota-ona bolam, deb bo‘zlab qoldi.

2022 yil kuz oylarida sodir bo‘lgan ushbu voqea bilan bog‘liq, biz “Dok-1 maks ishi” deb atayotgan sud jarayoni davom etmoqda.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023 yil 1 dekabr kuni bir oyga to‘xtatilganidan xabaringiz bor.

Sababi, “Dok-1 maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalarini iste’mol qilib, “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan 68 nafar bola o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar Davlat xavfsizlik xizmati tergov organi tomonidan ayblangan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar sudida yangidan boshlangan “Dok-1 maks ishi” bugun o‘z ishini davom ettirdi.

Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim prokurori Saidakrom Akilov 23 nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Ayblov xulosasidagi yangi gaplar sudlovga tortilgan yangi ikki nafar shaxsga oiddir.

Ulardan biri – Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan T.F. bo‘lib, u davlat xizmatchisi bo‘la turib, takroran pora olish, bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va ushbu hujjatlar qalbaki ekanini bila turib, ulardan foydalanish bilan shug‘ullanib kelgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining 2018 yildagi 343-sonli buyrug‘iga ko‘ra, dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatdan tashqari kamida yana bir davlatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.

Biroq “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, hindistonlik S.R.P. davlat organi xizmatchisi hisoblangan T.F. bilan oldindan til biriktirib, uning imkoniyatlari orqali, pora evaziga unga Hindistonning “Marion Biotech” korxonasida ishlab chiqarilgan dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga erishgan.

T.F. 2022 yil aprel oyida “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bilan oldindan til biriktirib, moddiy manfaat evaziga Hindistonda ishlab chiqarilgan “Torreks 200″, Torreks 400″ dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ushbu dori vositalari go‘yoki Tojikistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida soxta guvohnomani tayyorlab berishga kelishgan.

O‘z navbatida, T.F. bu rejani amalga oshirish uchun xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalarini O‘zbekistonda davlat ro‘yxatida o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi konsalting xizmati rahbari N.F.ga murojaat qilgan. U esa bunga rozi bo‘lgan.

N.F. o‘zi rahbarlik qilib kelgan konsalting kompaniyada dori vositasining Tojikistonda o‘tkazilgani haqidagi soxta guvohnomani tayyorlab bergan. Hatto guvohnomaning notarial tartibda tasdiqlangani haqida ham soxta muhr qo‘ygan holda uni T.F.ga taqdim etgan.

T.F. esa soxta hujjatlarni hindistonlik jinoiy sherigiga yetkazib bergan. Uning bu “xizmati” uchun hindistonlik shaxs 1 ming 100 AQSH dollar bergan.

Shu tariqa hindistonlik qalbaki guvohnoma orqali qayd etilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga taqdim etgan. Dori vositalari esa soxta hujjatlar bilan, klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

T.F, N.F. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 228-modda 3-qismi bilan ayblangan.

T.F. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hindistonlik S.R.P bilan til biriktirib, Hindistonning “Marion Biotech” korxonasida ishlab chiqarilgan boshqa dorilar bilan bog‘liq shunday harakatlarni sodir etgan. N.F. esa ularga yana “yordam qo‘li”ni cho‘zgan.

Ko‘rinib turibdiki, ana shunday soxta hujjatlar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan va dorixonalarga chiqib ketgan ayrim dorilar bolalar o‘limiga sabab bo‘ldi.

Dorilar sifati, ularning xavfsizligiga mas’ul ayrim shaxslar esa bugun sudning “qora kursisi”da o‘tiribdi.

Sud jarayoni davom etmoqda.

P.S: Sud ishiga oid materiallarda, ya’ni mazkur matnda hamda videoda aybsizlik prezumpsiyasi talabidan kelib chiqib, sudlanuvchilarning ismi va familiyasi ochiq keltirilmadi.

Prokuror o‘qigan ayblov xulosasida sudlanuvchilar ismlari, familiyalari mavjud edi. Lekin e’tiboringizga havola etilgan variantda montaj qilish orqali sudlanuvchilar ismi va familiyalari o‘chirilgan.

Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari