Qonunchilik faoliyatini amalga oshirish doirasida Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan 2023 yilda 18 qonun ko‘rib chiqildi.

Xususan “Raqobat to‘g‘risida”, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”, “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi muhim qonunlar mutaxassislar va olimlar, ekspertlar fikrlarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqilib, yalpi majlislarga kiritildi.

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan majlisda shu haqda so‘z yuritildi.

Aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim qonun va masalalar bilan bir qatorda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush farovonligini oshirish kabi qator masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan 24 o‘rganish o‘tkazildi.

Ularning natijalari Senat yalpi majlislari va qo‘mita yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli tavsiya va aniq takliflar berildi.

Qo‘mita tashabbusiga ko‘ra, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar ijrosi doimiy o‘rganib borildi.

Aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazoratining samaradorligini oshirish bo‘yicha ham qo‘mita tomonidan qator o‘rganishlar o‘tkazildi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan samarali foydalangan holda tegishli davlat hokimiyati organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari va muassasalariga 40 ta senator so‘rovi kiritilib, joylarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.

Xalq bilan bevosita muloqot qo‘mita a’zolari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Aholining murojaatlarini eshitib, muammolarini hal etish maqsadida saylovchilar bilan 757 uchrashuv tashkil etildi. Qo‘mitaga kelib tushgan 2 ming 266 murojaatdan 80 foizini ijobiy hal etishga erishildi. Qolgan masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilishi ta’minlandi.

Tadbirda qo‘mita a’zolarining faoliyat sarhisobiga oid mulohazalari va fikrlari tinglanib, 2024 yilda qo‘mita oldida turgan asosiy vazifalar belgilanib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA