Ma’lumki, 2030 yilgacha BMT ning Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2030 yilgacha 16 ta Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan 125 ta vazifa tasdiqlangan.

Aynan shu vazifalarga asosan 2017-2022 yillardaSog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashish bo‘yicha qanday ishlar bajarildi? 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Abdullatifxon Anvarxonov ushbu savolga quyidagicha javob berdi: 

–Ochig‘ini aytish kerrakki, bizning ilmiy muassasa faoliyati mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni tahlil qilib, barcha sohalar bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.

Savolingizga kelsak, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri – mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashishdir. Aynan bu borada ishlar jadal olib borilmoqda. Natijalar qanday bo‘ldi degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Shu maqsadda ilmiy muassasamiz mutaxassislari O‘zbekiston 2017-2022 yillarda bu borada amalga oshirilgan ishlarning natijalarini tahlil qilib chiqdi. Aytish joizki, “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashish” 16 ta milliy maqsadning uchinchisi bo‘lib, u 13 ta vazifa hamda 23 ta ko‘rsatkichdan iboratdir.

Bunda asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori natijalarga erishilgan. Unga ko‘ra, onalar o‘limi koeffitsiyenti tirik tug‘ilgan har 100 000 chaqaloqqa 2017 yilda 21,0 koeffitsiyentini tashkil etgan bo‘lsa, 2022yilda 13,9 koeffitsiyentini tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich 5 yil davomida 51,0 foizga yaxshilangan.

Sil kasalligi bilan kasallanish holatlari har 100 000 kishiga 2017-2022 yillarda 44,9 koeffitsiyentidan 35,3 koeffitsiyentigacha kamaydi va 27,0 foizga yaxshilandi. Gepatit “B” bilan kasallanish holatlari 2017 yilda har 100 000 kishiga 0,8 koeffitsiyentini tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda 0,4 koeffitsiyentini tashkil etdi va ikki barobar kamaydi.

O‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq o‘lim koeffitsiyenti 2017yilda har 100 000 kishiga 7,5 koeffitsiyentini tashkil etgan edi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 4,5 koeffitsiyentigacha pasayib, 66,7 foizga yaxshilandi.

Har 10 000 kishiga to‘g‘ri keladigan tibbiyot xodimlari soni 2017 yilda 26,1 koeffitsiyentini tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda 27,9 koeffitsiyentiga oshdi va 6,9 foizga ijobiy o‘zgarish qayd etildi.

Albatta, yuqorida keltirilgan raqamlar aholining sog‘lom turmush tarzida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani bilan bog‘liqdir. Bunda ko‘rsatkichlarni taqqosiy o‘rganish har jihatdan foydalidir.

O‘z navbatida, kelgusida BRM ning 3-maqsadini “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan o‘zaro bog‘langan holda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda ayollar, go‘daklar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim bilan bog‘liq holatlarni 2 barobar kamaytirish, tug‘ruq o‘rinlari sonini 35 foiz oshirish, bolalar orasida yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 20 foizga qisqartirish. onkologik kasalligi bor 120 ming nafar bemorni davolash bilan to‘liq qamrab olish kabi maqsadli parametrlarga erishish sari dadil qadam tashlanadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi