Joriy yilgi sport mavsumi yakunlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Kelasi yili esa sport olamida ko‘plab nufuzli musobaqalar o‘tkaziladi. Shu kunlarda dunyo va o‘zbek sportchilari hamon turli musobaqalarda ishtirok etmoqda hamda nufuzli musobaqalar oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Bugungi sport xabarlarimiz sharhida dzyudo, futbol, shaxmat, yengil atletika va qilichbozlik haqidagi xabarlarga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha bir qator murabbiylar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda turli xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, aniqrog‘i “Parij-2024″ Olimpiadasiga muhim tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu tayyorgarlik jarayonida hech qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi. Shuningdek, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi nafaqat “Parij-2024″, balki “Los-Anjeles-2028″ Olimpiadalari uchun tayyorgarlikni hozirning o‘zidan boshlashi kerakligi aytib o‘tildi. Yig‘ilish davomida murabbiylarning savollariga ham to‘liq javob qaytarildi.
Shuningdek, terma jamoa sportchilari bilan ham yaqindan suhbat o‘tkazildi. Unda yakunlanayotgan yil tahlil qilindi, kelgusi mavsumda jahon va Olimpiada reytingida yuqori pog‘onalarga ko‘tarilish vazifasi qo‘yildi.
* * *
Shu kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida Abdurahmon Abdullayev, Bahromjon Gaziyev va Bekzod Qurbonov kabi chavandozlarimiz xalqaro musobaqalarda ishtirok etmoqda. Mazkur ot sport bo‘yicha o‘tayotgan musobaqa konkur yo‘nalishida tashkil etilgan.
* * *
Bugun Osiyo chempionlar ligasi pley-off bosqichiga qur’a tashlanadi. Unga ko‘ra O‘zbekistonning ikki klubi o‘z raqiblarini bilib oladi. Qur’a Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdagi OFK Bosh qarorgohida tashkil etiladi.
Qur’adan so‘ng OFK qarorgohida OCHL pley-off bosqichi ishtirokchi klublari vakillari uchun seminar ham tashkil etiladi va unda navbatdagi bosqichning tashkiliy masalalari hamda ro‘yxatdan o‘tish yuzasidan ma’lumot beriladi.
* * *
Futbol bo‘yicha “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Erling Hollandning bu yil boshqa maydonga tushmasligini ma’lum qildi. Bundan kelib chiqadiki, Holland 2023 yil to‘purarlari bahsidan chiqadi va bu holat 38 yoshli Krishtianu Ronaldu uchun peshqadam bo‘lishga katta imkoniyat yaratadi.
Hozirda Ronalduning kiritgan gollari sonini 53 taga yetdi va u mazkur jadvalning birinchi pog‘onasida bormoqda. Undan so‘ng Kilian Mbappe, Xarri Keyn 52 tadan gol va Erling Holland 50 ta gol bilan jadvaldan o‘rin olgan.
* * *
“Real Madrid”ning hujumkor yarim himoyachisi Braim Dias dekabr oyida jamoaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Dekabr oyida 24 yoshli futbolchi barcha turnirlarda beshta o‘yin o‘tkazib, ikkita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. “Real” La Liganing 18-turidan keyin 45 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni “qaymoqranglilar” Ispaniya chempionatining 19-turida o‘z stadionida “Malyorka”ni qabul qiladi.
* * *
Samarqand shahrida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi bahslarining 9-turi yakuniga yetdi.
9 ta o‘yindan so‘ng norvegiyalik Magnus Karlsen 7 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Shuningdek, Vladimir Fedoseyev (Serbiya), Yangyi Yu (Xitoy) da ham 7 ochkodan mavjud.
O‘zbek sportchilari orasida esa Jahongir Vohidov va Nodirbek Abdusattorov hisobida 6 ochko bor. Shuningdek, Muhiddin Madaminov hamda Javohir Sindorov 5,5 ochko jamg‘argan.
* * *
2024 yilning 19 yanvaridan 1 fevralga qadar Koreya Respublikasining Kangvon shahrida o‘smirlar o‘rtasida IV qishki Olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladi.
Ahamiyatlisi, ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadigan bo‘ldi.
Avvalroq, tog‘ chang‘isi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar Samandar Asanov, Rauan Raimqulov va Sabina Rejepova Avstriya hamda Italiyadagi litsenzion turnirda ishtirok etishi haqida xabar bergan edik. Quvonarlisi, sportchilarimizning barchasi “Kangvon-2024″ qishki o‘smirlar Olimpiadasiga yo‘llanma kiritdi.
Ammo ushbu sport turida O‘zbekiston terma jamoasiga 1+1 ko‘rinishidagi kvota ajratilgani bois, murabbiylar shtabi Rauan Raimqulov hamda Sabina Rejepovani musobaqada ishtirok etish uchun tanlab oldi.
* * *
O‘zbekiston yengil atletikachilari Osiyo qit’asi miqyosidagi musobaqalarda qo‘lga kiritgan medallari soni bo‘yicha tarixi natija qayd etdi. Osiyo mavsumining asosiy starti bo‘lgan XVX yozgi Osiyo o‘yinlari va barcha yosh toifalaridagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz 12 oltin, 15 kumush va 11 bronza, jami 38 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
* * *
2024 yilning 19 yanvar kuni Qozog‘istonning Almati shahridagi “Baluan-Sholak” arenasida Aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha “Octagon 54″ musobaqasi o‘tkaziladi. Musobaqada asosan, o‘zbekistonlik jangchilar Qozog‘iston vakillariga qarshi jang qiladi. Musobaqaning yarim o‘rta vazn toifasida o‘zbekistonlik aralash yakka kurash ustasi Azizxon Azimov (4-2-0) tojikistonlik Farhod Davlatovga (7-3-0) qarshi bellashadi.
Eslatib o‘tamiz, Farhod Davlatov so‘nggi jangini Octagon ligasining o‘zbekistonlik chempioni Muhammadjon Qurbonovga qarshi o‘tkazib, muddatidan oldin imkoniyatni boy bergan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA