So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, madaniy-gumanitar aloqalar va ziyorat turizmi sohasida ham zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida ham imkoniyatlar mavjud.

Bugun Bangladeshning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Muhammad Monirul Islom O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.

Bangladesh diplomatiyasining vakili Muhammad Monirul Islom va O‘zA rahbari Abdusaid Ko‘chimov o‘rtasida kechgan muloqot avvalida O‘zbekiston va Bangladesh o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etayotgani ta’kidlanib, mehmonga yurtimizda turli sohalar qatori media makonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida ma’lumot berildi.

Shuningdek, o‘zbek va bangladesh xalqlari o‘rtasidagi mushtarak munosabatlar, ayniqsa, madaniyat, san’at, axborot almashinuvi kabi sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.

Elchi Muhammad Monirul Islom Bangladesh Milliy axborot agentligi (Bangladesh Sangbad Sangstha-BSS) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA o‘rtasidagi aloqalarni zamon talabi darajasida takomillashtirishni nazarda tutuvchi memorandum loyihasini tez fursatda imzolash, kelishuv doirasida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish va xodimlar tajriba-malakasini tizimli oshirib borish masalasida hamkorlikka tayyorligini alohida ta’kidladi.

Diplomat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bundan keyin ham yanada rivojlanishi uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirdi.

– Har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda, – dedi Muhammad Monirul Islom. – Bizni umumiy madaniyat, din, tarix va adabiyot bog‘lab turadi. Yurtingizning buyuk siymolari bo‘lmish Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al Farg‘oniy kabi allomalar bangladeshliklarga ham ma’lum. Mamlakatlarimizdagi muhim voqealar haqida axborot berishda manbaning xolis, ishonchli bo‘lishi juda muhim. Shu ma’noda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan alborot almashishda yangi sahifa ochilayotgani ayni muddao. Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqiga tinchlik, farovonlik, yurtingizga yanada obodlik tilayman.

1972 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Dakka shahrida joylashgan Bangladesh Milliy axborot agentligi (Bangladesh Sangbad Sangstha-BSS) davlatning rasmiy manbasi hisoblanib, asosan bengal va ingliz tillarida mamlakat hayotiga oid va xorijiy yangiliklarni havola etib boradi. Agentlik mamlakatning 64 ta ma’muriy okruglarining barchasida o‘z muxbirlariga ega.

O‘tkir Alimov, Nosirjon Haydarov (surat), Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA