Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida hududda yirik ishlab chiqarish sanoati yo‘qligini, yaqin kelajakda bu yerda ham avtomobil zavodi qurish loyihasi amalga oshirilishini ta’kidladi.
Ushbu xushxabar bunchalik tez ro‘yobga chiqishini ko‘pchilik kutmagan edi. Tashrifdan roppa-rosa yigirma kun o‘tib, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatida yana bir yirik loyihani amalga oshirishyo‘lida dastlabki qadam tashlandi – Koreya Respublikasining “Evergreen Motors Group” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Kyon loyiha bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazish uchun viloyatga keldi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Kim Chang Kyon bilanuchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy-ijtimoiy, ilmiy-texnik hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Tegishli soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan taqdimot marosimida viloyatda “Hyundai” yuk avtomobillari va avtobuslarni yig‘ish zavodi” qurish loyihasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Loyihaga ko‘ra, korxonada yuk ko‘tarish sig‘imi 1 tonnadan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari va o‘lchami 9-12 metrli shahar ichida qatnovchi, shaharlararo hamda sayyohlik rusumidagi avtobuslar va maxsus transport vositalari yig‘ish ishlari bajariladi.
Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratilsa, kelajakda bu ko‘lam 6 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Delegatsiya a’zolari avtomobil zavodi qurilishi uchun tavsiya qilinayotgan maydonlar va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.