Joriy yilning 25-26 dekabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi va Hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi doirasida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan xorijiy hamkorlar bilan umumiy qiymati 130 mln. dollarlik bitimlar imzolandi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami tobora kengayib, keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgan. Bank-moliya sohasida ham aloqalar chuqurlashmoqda.

Anqara shahrida o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha O‘zsanoatqurilishbank Turk Eksimbanki bilan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan qiymati 60 mln. dollarlik kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolagan bo‘lsa, biznes-forum doirasida “Citibank A.S.” Turkiya ofisi bilan 2024 yil uchun hamkorlik kelishuvi, shu jumladan qiymati 70 mln. dollarlik kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu mablag‘lar respublikamizda kichik va o‘rta biznes sohasidagi sub’ektlarning savdo va investitsion loyihalarini moliyalashtirish, qurilish materiallari va elektrotexnika sanoatlarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Ma’lumot uchun: 1987 yilda tashkil topgan Turk Eksimbanki Turkiya hukumatiga eksportni rag‘batlantirish va rivojlantirishda asosiy vositachilik qiladi.

Dunyodagi yirik banklardan biri – “Citibank” esa, o‘z faoliyatini 1812 yilda boshlagan bo‘lib, aktivlari bo‘yicha AQSHda uchinchi o‘rinni egallaydi. “Citigroup” moliyaviy konglomerati tarkibiga kiradi. Dunyoning 19 ta davlatida 2,6 mingdan ortiq bo‘linmalari mavjud.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida