O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida “Xavfli kimyoviy moddalarni ishonchli boshqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha grant shartnomasi imzolandi. Uch tomonlama hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Yevropa Ittifoqining (YeI) O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov imzoladi.

–Ushbu loyiha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yirik dasturning bir qismi bo‘lib, dasturga 10 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratilgan,  – deydi Sharlotta Adrian. – Loyihaning qiymati esa deyarli 4 million yevroga teng. Maqsad Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining bu boradagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar sohasida muvofiqlashtirishni yaxshilashdan iborat. O‘zbekistonda bu boradagi ishlarni yaxshilashga ehtiyoj va xohish bor. Bu potensial BMTning bir qancha konvensiyalari bilan bog‘liq. Bu bilan mamlakat yashil taraqqiyotga o‘tish sari olg‘a intilish istagini namoyon etdi. Shuning uchun biz bu intilishni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz va bundan xursandmiz.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan FAO bilan birgalikda 2023–2027-yillar oralig‘ida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. U tugallangandan so‘ng, xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish sohasida mamlakatning institutsional salohiyati oshishi kutilmoqda, bu esa xavfli chiqindilar bo‘yicha yanada yaxshi ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish va tegishli standartlarga ega xavfli chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini bosqichma-bosqich yaratishga o‘tish uchun zamin yaratadi.

– Bu mavzu O‘zbekiston uchun juda dolzarb, chunki qishloq xo‘jaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 27 foizini tashkil qiladi, – deydi Sherzod Umarov. – Yaxshi hosil olish maqsadida O‘zbekistonda kimyoviy moddalar, pestitsidlardan o‘rtacha foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi BMTning 4 ta konvensiyasidagi majburiyatlarning bajarilishidir.

Muhimi, loyiha qishloq xo‘jaligida barqaror amaliyotlarni targ‘ib qilishni kengaytirishga yordam beradi, bu esa fermerlar va iste’molchilar uchun pestitsidlardan foydalanish xavfini kamaytiradi. Muassasalar va aholining xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida xabardorligini oshirishga katta e’tibor qaratiladi.

Loyiha xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan. Uning doirasida qishloq xo‘jaligida zararli moddalardan foydalanishni kamaytirish va tuproq resurslariga kamroq zarar yetkazuvchi moddalarga o‘tish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA